Biznes | 17:09 / 08.09.2025
5115
4 daqiqa o‘qiladi

Amerika milliarderlari Oq uyda Tramp bilan nimani gaplashdi?

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda mamlakatning eng yirik texnologiya va biznes kompaniyalari rahbarlari bilan kechki uchrashuv o‘tkazdi. Unda Meta, Apple, Microsoft, OpenAI va qator gigant kompaniyalar rahbarlari qatnashdi. Tramp mehmonlarni «biznes va iqtidor inqilobi yetakchilari» deya maqtadi. Uchrashuvda asosiy mavzu sifatida sun’iy intellekt va AQShdagi investitsiya loyihalari ko‘tarildi, kompaniyalar o‘z sarmoya rejalari haqida prezidentga ma’lumot berishgan. Xo‘sh, Trampning Oq uyda milliarderlarni qabul qilishi nimani anglatadi? 

Uchrashuv davomida Tramp so‘zga chiqib, doimiy ishbilarmonlarga soliq va mehnat qonunchiligida yangi imtiyozlar, qurilish ruxsatnomalarini soddalashtirish va qulay biznes-muhitini yaratishga va’dalar berdi. Ayniqsa, u ma’lumot markazlari uchun zarur elektr ta’minoti va ruxsatnomalarni olishni yengillashtirishini aytdi. Shuningdek, Tramp AQShning sun’iy intellekt bo‘yicha Xitoydan ancha oldinda ekanini g‘urur bilan gapirgan.

Tadbirkorlar birin-ketin chiqishlar qilib, yirik investitsiya majburiyatlarini tilga oldi. Masalan, Mark Tsukerberg 2028 yilgacha sun’iy intellekt va ma’lumot markazlariga “kamida 600 milliard dollar” sarmoya kiritishini aytdi. Apple kompaniyasi esa yaqinda AQShdagi ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun qo‘shimcha 100 milliard dollar ajratishini ma’lum qildi.

Kompaniyalar SI infratuzilmasi va ma’lumot markazlariga katta mablag‘ sarflash rejalari bilan o‘rtoqlashgan. Uchrashuvda importga qo‘yiladigan bojlar masalasi ham ko‘tarildi va ichki ishlab chiqarishni rag‘batlantirish choralari ko‘rib chiqildi.

Xo‘sh, Tramp Oq uyda katta kompaniyalar rahbarlarini yig‘ib, nimani isbotlamoqchi bo‘ldi?

Birinchi navbatda AQShning amaldagi prezidenti texnologiya sanoatini qo‘llab-quvvatlash siyosatiga sodiq ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Bu bilan Tramp AQSh iqtisodiyotida katta sarmoyalar olib kelish maqsadi borligini ham ko‘z-ko‘z qilmoqda. Bunday tadbirlarni ko‘p tashkil qilish orqali boy investorlar va kompaniya rahbarlarini bir joyga jamlash Tramp ma’muriyati siyosiy maqsadlariga ham xizmat qiladi. Tahlilchilarga ko‘ra, bunday yig‘ilishlardan prezident asosan saylovoldi kampaniyasi uchun moliyaviy yordam olish va homiylarning qo‘llab-quvvatlashini saqlab qolish maqsadida foydalanadi.

Uchrashuv Trampning korporativ Amerika bilan yaqin aloqasini va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashni ko‘zlaganini namoyish etdi. Milliarderlar o‘z investitsiya rejalarini e’lon qilib, prezident siyosatini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ham bildirgan. Hozirgi ma’muriyat uchun bunday tadbirlar nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki siyosiy homiylarni topish va moliyalashtirish imkoniyatini beradi. Uchrashuv Xitoy bilan texnologiya raqobati, mahalliy investitsiyalarni rag‘batlantirish va ish o‘rinlarini yaratish kabi muhim masalalarni yana bir bor ko‘zdan kechirishga xizmat qildi. Tramp Apple rahbari bilan muloqot qilarkan, uning Hindistondagi rejalaridan norozi ekanini ham aytdi.

Eslatib o‘tamiz, sobiq prezident Bayden lavozimini tark etishidan avval xalqqa qilgan oxirgi murojaatida jamiyat boshqaruvi tepasiga bir hovuch milliarderlar kelayotganidan ogohlantirgan edi.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid