O‘zbekiston | 20:49 / 08.09.2025
12912
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘ston tumani hokimining birdaniga ikki o‘rinbosari pora bilan ushlandi

Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimining investitsiya va qishloq xo‘jaligiga mas’ul o‘rinbosarlari o‘zaro til biriktirib, 65 mln so‘m pora olganlikda ayblanib qamoqqa olindi. DXX xabariga ko‘ra, ular fermer xo‘jaligining 500 ming dollarlik eksport rejasini fiktiv operatsiyalar bilan yopib bermoqchi bo‘lgan.

DXX videosidan kadr

Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari korrupsiyada ayblanib qo‘lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, ikki o‘rinbosar o‘zaro til biriktirib, tumanda faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaligining 500 ming dollarlik eksport rejasini fiktiv operatsiyalar orqali yopib berish uchun fuqarodan 65 mln so‘m pora talab qilgan.

Joriy yil avgust oyida Bo‘ston hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari avans tariqasida 25 mln so‘m olgan. U qolgan 40 mln so‘mni hokimning investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari orqali olgan vaqtida ushlangan.

Ularga nisbatan JKning 210-moddasi “v” va “g” bandlari (bir guruh mansabdor shaxslarning oldindan til biriktirgan holda, tamagirlik yo‘li bilan pora olishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Qayd etish lozim, DXX 2024 yil iyul oyida ham Bo‘ston tumani hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan 10 ming dollar pora bilan ushlangani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid