Jahon | 11:15 / 08.09.2025
3398
2 daqiqa o‘qiladi

HAMAS zudlik bilan muzokaralarga tayyorligini bildirdi

Trampning aytishicha, Isroil garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv tuzish shartlarini allaqachon qabul qilgan va HAMASdan ham ularni qabul etishni talab qilgan. Shundan so‘ng HAMAS muzokara stoliga o‘tirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Foto: Majdi Fathi/Keystone Press Agency/Global Look Press

AQSh prezidenti Donald Trampning «yakuniy ogohlantirishi» ortidan Falastinning HAMAS harakati G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish va «barcha mahbuslarni» ozod qilish uchun zudlik bilan muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyorligini ma’lum qildi. 7 sentabr, yakshanba oqshomida tarqatilgan bayonotda HAMAS avvalroq vositachilar orqali «Amerika tomondan o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga qaratilgan ba’zi g‘oyalar» olganini bildirdi.

2023 yil 7 oktyabrda asirga olingan isroilliklarni ozod qilish evaziga harakat Isroildan «urushni to‘xtatish, G‘azo sektoridan qo‘shinlarni to‘liq olib chiqish va G‘azo sektorini boshqarish uchun mustaqil falastinliklardan iborat qo‘mita tuzish haqida aniq bayonot berishni» talab qilmoqda.

Shu kuni ertalab Oq uy rahbari o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Isroil o‘zi taklif qilgan kelishuv shartlarini qabul qilgani va HAMAS ham ularga ko‘nishi kerakligini yozgan edi. «Men HAMASni rad etish oqibatlari haqida ogohlantirdim. Bu mening oxirgi ogohlantirishim, boshqasi bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi Tramp.

Mavzuga oid