Moliya | 21:00 / 08.09.2025
5550
3 daqiqa o‘qiladi

“Oltin himoya qiladi” degan ishonch nega buncha mustahkam?

Foto: Reuters

“Oltin inflatsiyadan himoya qiladi” degan qarash mustahkam ildizlarga ega. 1971 yilda AQSh dollarning oltinga bog‘lanishidan voz kechganidan beri, dollar o‘z xarid qobiliyatining qariyb 88 foizini yo‘qotdi. Shu davrda oltinning real qiymati esa 8-9 barobarga oshdi. Xo‘sh, qanday qilib?

Oltin fidutsiar pul (odamlarning ishonchi va davlat kafolatiga ega muomaladagi banknotlar)ni inflatsiyadan himoya qilmaydi, oltin inflatsiyani ko‘rsatib beradi.

Inflatsiya ko‘pincha tashqi kuch sifatida, markaziy banklar foiz stavkalari bilan, hukumatlar esa fiskal choralari bilan yengishi kerak bo‘lgan ajdaho sifatida ko‘rsatiladi. Aslida esa inflatsiya – bu pulga bo‘lgan ishonchning yemirilishidir. Bu istisno emas, bu – fidutsiar tizimining xususiyati.

Shuningdek, inflatsiya – pulning qadrsizlanishi degan tor ma’nodagi fikr ham aholi ichida ko‘p jaranglaydi. Aslida esa pul massasining ortishi sabab pul qadrsizlanadi. Oltin esa bu yemirilishni ko‘rsatib beradi, ya’ni xolisroq o‘lchov birligi hisoblanadi. U siyosiy va’dalarga, choraklik maqsadlarga yoki monetar tajribalarga bo‘ysunmaydi.

Nega markaziy banklar oltin sotib olaveradi?

Agar oltin oddiy tovar bo‘lsa, markaziy banklar uni jamg‘armas edi. Ammo yil sayin ular oltinni yig‘ishni ko‘paytirib bormoqda, hatto rasmiy ritorikada fidutsiarning mustahkamligi madh etilayotgan bo‘lsa ham. Nega? Chunki pul tizimi arxitekturasida oltin – poydevor toshi. U o‘sish uchun emas, balki bardoshlilik uchun kerak.

Shu sababdan oltinning eng katta xaridorlari oddiy investorlar ham, tezda foyda topishni izlayotgan kompaniyalar ham emas, aynan pul chiqaruvchi tashkilotlarning o‘zlari.

Ya’ni markaziy banklarning amali so‘zini fosh qiladi: fidutsiarning mualliflari ham o‘z tizimlaridan tashqarida poydevorga muhtoj.

Бахтинур Муҳамедов
Tayyorlagan Бахтинур Муҳамедов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid