Ko‘chmas mulk | 17:04 / 08.09.2025
6551
2 daqiqa o‘qiladi

Piskentda hokimiyat futbol maydonchasini sotib yubordi. Bu prezident qaroriga zid

Stadion joylashgan yer uchastkasi auksionda 10 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan 1,4 mlrd so‘mga sotildi. 20 kun oldin imzolangan prezident qarorida futbol stadion va maydonlarining foydalanish maqsadlari o‘zgartirilishi va sotuvga chiqarilishi taqiqlangandi.

8 senyabr kuni E-auksion platformasida Toshkent viloyati Piskent tumani “Murotali” MFYda joylashgan yer uchastkasini sotish bo‘yicha savdolar bo‘lib o‘tdi.

Savdolar 4 soatdan ortiq davom etdi va 220 qadamdan so‘ng yakunlandi. G‘olib Jumabayev Bahrom Xusnitdinovich bo‘ldi, u 1 mlrd 411 mln so‘m taklif qildi, bu boshlang‘ich narx (39,5 mln so‘m)dan qariyb 36 barobar ko‘p.

Sotilgan yer uchastkasining umumiy maydoni 10,2 sotixni tashkil etadi. Xaridor belgilangan summani 120 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatiga ega.

Sotuv – prezident qaroriga zid

Yer uchastkasi Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripovning 2025 yil 26 iyuldagi tegishli qarori bilan auksion orqali sotuvga chiqarilgan.

21 avgust kuni “O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori imzolangandi.

Qarorda Kadastr agentligining axborot tizimlariga davlat mulkidagi futbol stadion va maydonlarining foydalanish maqsadlari o‘zgartirilishi hamda sotuvga chiqarilishi taqiqlanishi haqida tegishli o‘zgarishlar kiritilishi ko‘zda tutilgan.

E’tiborli jihati, Piskent tuman hokimi tomonidan sotuvga qo‘yilgan yer uchaskasi o‘rnida stadion bo‘lgan. Buni sun’iy yo‘ldoshdan olingan rasmlar ham tasdiqlaydi.

2016 yil
2020 yil

“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasida yuqori turuvchi davlat hokimiyati organlarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlar quyi organlarning ijrosi uchun majburiyligi belgilab qo‘yilgan. Qonunchilik iyerarxiyasida prezident qarorlari tuman hokimlari qarorlaridan ustun turadi. Shu jihatdan, hokimning stadion o‘rnini sotish haqidagi qarori kuchini yo‘qotishi va bugungi sotuv amalga oshirilmasligi kerak edi.

Mavzuga oid