Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Yangi avlod» maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi
Prezident huzurida ta’lim tizimini isloh qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Yangi ko‘p qavatli uylar qurilishida aholi soniga mos bog‘chalar ham bo‘lishi nazarda tutiladi. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining Toshkent filiali, «ToshTech» texnika universiteti va Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi. Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 sentabr kuni ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda iqtidorli bolalarga ixtisoslashgan bilim berish, yoshlarning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish borasidagi rejalar va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari bayon qilindi.
Qayd qilinishicha, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning iqtidori va intilishini yuzaga chiqarish bo‘yicha yagona vertikal tizim joriy etiladi. Shu maqsadda «Barkamol avlod» bolalar maktabi, Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi hamda «Ëshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida «Kelajak» markazlari tashkil etiladi. O‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi.
Bog‘chalar qamrovini oshirish maqsadida har yili 20 ming o‘rin ochish rejalashtirilgan. Buning uchun yangi ko‘p qavatli uylar qurilishida ulardagi aholi soniga mutanosib maktabgacha ta’lim tashkiloti ham bo‘lishi nazarda tutiladi. Bog‘chalarda ishlayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar uchun dual ta’lim va malaka oshirish tizimi joriy etiladi.

Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurishga ruxsat etiladi. Tadbirkorlarga faoliyatni o‘zgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari bepul beriladi hamda 7 yilgacha bo‘lgan imtiyozli kredit ajratiladi.
2026-2028 yillarda respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan «Yangi avlod» maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etiladi. Ushbu maktablarga bolalar imtihon asosida saralab olinadi va davlat budjeti hisobidan o‘qitiladi. Ularda «Yangi O‘zbekiston» universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik ta’lim dasturi joriy qilinadi. O‘quv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi.
2026 yildan boshlab, har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida prezident sovrini uchun «Ilg‘or muhandislik maktabi» milliy tanlovi o‘tkaziladi.
Shuningdek, tabiiy fanlarni o‘qitishni yaxshilash maqsadida barcha hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinadi. Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab bu yo‘nalishda tayanch maktab sifatida xizmat qiladi.
Toshkent shahrida M.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, «ToshTech» texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.
Joriy o‘quv yilidan boshlab, pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etiladi. Stipendiya bakalavriatning 3-4-kurslari uchun mo‘ljallangan bo‘ladi, yoshlarni o‘qish va ilmiy izlanishlarga undaydi.
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tartiblari takomillashtiriladi. Jumladan, doktoranturaga ajratilayotgan kvotalar mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Fanlar akademiyasining respublikada istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy ishlanma natijalarini amaliyotga tatbiq etishdagi o‘rni kuchaytiriladi.
Davlat rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni imzoladi. Ulardagi vazifalar ijrosini tizimli va sifatli ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Mavzuga oid
15:13 / 15.06.2026
Namanganda ta’lim tizimi mansabdori tezkor tadbirda qo‘lga olindi
11:10 / 08.06.2026
Nodavlat ta’lim muassasalari qonunbuzilish xavfi bo‘yicha baholanadi
13:43 / 02.06.2026
“Davlat maktablarining asosiy vazifasi bolalarni ma’lum vaqt ushlab turish bo‘lib qoldi” – Hamid Sodiq
08:38 / 02.06.2026