Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda Trampning ittifoqchisi va konservativ yoshlar yetakchisi otib o‘ldirildi
AQShda prezident Donald Trampning ta’sirli ittifoqchisi, o‘ng qanot faoli va sharhlovchisi Charlz Kirk Yuta universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirda bo‘ynidan o‘q yeb, halok bo‘ldi. Rasmiylar buni «siyosiy suiqasd» deb atamoqda, o‘q uzgan shaxs hamon qo‘lga olinmagan.
Foto: Boston Globe
Internetda tarqalgan videolarda 10 sentabr kuni Kirk Yuta vodiysi universitetida katta tashqi auditoriyaga murojaat qilayotganida to‘satdan otishma yuz beradi. Kirk qo‘lini bo‘yniga tekkizib stuldan yiqiladi, odamlar esa sarosimada qochadi. Boshqa lavhada uning bo‘ynidan qon favvora bo‘lib oqayotgani ko‘rinadi.
🚨 VEJA: O momento em que Charlie Kick leva um tiro no pescoçohttps://t.co/mKUoqJqMZj
— Globo do Brasil (@globodissidente) September 10, 2025
Hokimiyat gumonlanuvchi uzoq masofadan, tom ustidan o‘q uzganini aytdi. Tadbirga qariyb 3 ming odam yig‘ilgan edi. Universitet politsiyasi boshlig‘i Jyeff Long olti ofitserni jalb qilgani va Kirkning shaxsiy xavfsizlik guruhining rahbari bilan hamkorlik qilganini aytdi.
Otishmadan olti soat o‘tgan bo‘lsa-da, rasmiylar gumonlanuvchini ommaga oshkor qilmadi. Reuters nashri huquqni muhofaza qiluvchi manbalarga tayanib, gumonlanuvchi hibsga olinmaganini xabar qilmoqda.
FTB direktori Kash Patel bir shaxs so‘roq qilingach qo‘yib yuborilganini ma’lum qildi. «Tergovimiz davom etmoqda», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
Oq uy joylashtirgan videomurojaatda Donald Tramp gumonlanuvchini topishga va’da berdi: «Ma’muriyatim bu jinoyatga va boshqa siyosiy zo‘ravonliklarga aloqador bo‘lganlarning barchasini, jumladan ularni moliyalashtiruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlarni ham topadi», dedi Tramp.
Kirkning o‘ldirilishi AQSh siyosiy arboblariga qilingan bir qator hujumlarning navbatdagisi bo‘ldi. O‘tgan yili Trampga ikki marta suiqasd uyushtirilgandi.
Gubernator Spenser Koks avvalgi matbuot anjumanida politsiya «qiziqish uyg‘otgan shaxs»ni so‘roq qilayotganini aytdi, biroq bu odamning shaxsi va voqea bilan bog‘liqligi haqida tafsilot bermadi.
«Bu bizning shtatimiz uchun qorong‘i kun, mamlakatimiz uchun fojiali kun», dedi Koks matbuot anjumanida. «Men aniq aytmoqchiman: bu siyosiy suiqasd».
Kirkning chorshanbadagi chiqishi mamlakat bo‘ylab 15 ta universitetda o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Amerikaning qaytish safari» turining birinchisi edi. U bunday tadbirlarda odatda talabalardan iborat katta auditoriyalar oldida jonli bahs-munozaralar o‘tkazardi.
Otishmadan bir necha soniya avval Kirk auditoriya a’zosi tomonidan AQShdagi qurolli zo‘ravonlik haqida savol olgan edi. «So‘nggi 10 yilda Amerikada nechta ommaviy otishma bo‘lganini bilasizmi?» deb so‘raldi undan. U «Jinoiy guruh zo‘ravonliklarini hisobga olamizmi yoki yo‘qmi?» deb javob qaytardi. Shundan so‘ng darhol o‘q yedi.
Kirk va u asos solgan mamlakatdagi eng katta konservativ yoshlar tashkiloti — Turning Point USA Trampning saylovdagi g‘alabasida muhim rol o‘ynagandi. Ikkinchi muddatga saylangach, Tramp Kirkni yosh saylovchilarni safarbar etgani uchun alohida ta’kidlagan.
Kirkning X tarmog‘ida 5,3 million obunachisi bor edi. U mashhur podkast, tele va radio dasturlarining muallifi edi.
Mavzuga oid
01:22
AQSh Ukrainaga ko‘proq qurol yetkazib berishni va’da qildi – OAV
16:15 / 06.12.2025
Mersga Kremldan "hujum": AQShning Ukraina bo‘yicha roli atrofida bahs kuchaymoqda
15:44 / 06.12.2025
AQSh YeI davlatlarini Kiyevga Rossiya aktivlari hisobidan kredit bermaslikka chaqirdi
15:10 / 06.12.2025