Iqtisodiyot | 11:16 / 11.09.2025
2523
3 daqiqa o‘qiladi

Asosiy stavka 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi

Markaziy bank boshqaruvi 2025 yil 11 sentabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi choragida iqtisodiy faollik va iste’mol  talabi yuqori sur’atlarda saqlanib, narxlar oshishiga ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. Shu bilan birga, o‘tgan yilgi “baza effekti” chiqib ketishi hisobiga avgust oyidan inflatsiya pasayish tendensiyasi qayd etilgan.

Inflatsiya ko‘rsatkichlari 

 • Avgustda yillik umumiy inflatsiya 8,8 foizni tashkil etdi;
 • Bazaviy inflatsiya 7,6 foizgacha pasaydi;
 • Xizmatlar sohasida esa energiya narxlari oshishining ikkilamchi ta’sirlari yuqori bosimni saqlab qolmoqda.

So‘nggi oylarda mavsumiy omillar va almashuv kursining barqarorlashuvi hisobiga aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalarida pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, ular hanuz umumiy inflatsiya darajasidan yuqoriroq.

Iqtisodiy o‘sish 

2025 yilning birinchi yarmida iqtisodiyot o‘sishi 7,2 foizgacha tezlashdi. Bunda xizmatlar sohasi yetakchi bo‘lgan, shuningdek, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan.

Yalpi talabni kuchaytiruvchi asosiy omillar sifatida:
 • transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘sishi,
 • kreditlash sur’atlarining jadallashuvi,
 • budjet xarajatlari va investitsion faollik ko‘rsatildi.

Tashqi xavf omillari 

Markaziy bank xalqaro savdodagi cheklovlar, global oziq-ovqat narxlarining o‘sishi va asosiy savdo hamkor davlatlarda inflatsiyaning yuqori darajada saqlanib qolishini import inflatsiyasining kuchayishi mumkin bo‘lgan omillar sifatida qayd etdi.

Joriy yil yakunida inflatsiya 8,7 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Markaziy bankka ko‘ra, asosiy stavkani o‘zgarishsiz saqlash qarori iqtisodiyotda jamg‘arish jozibadorligini qo‘llab-quvvatlash, kreditlash sur’atlarini maqbullashtirish va yalpi talabni muvozanatlashtirish orqali narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 2025-yil 23-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

MB boshqaruvi oxirgi marta joriy yilning iyun oyida asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish yuzasidan qaror qabul qilgandi.

Mavzuga oid