Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
Regulyatorning izohlashicha, inflatsiya pasayishda davom etayotgan bo‘lsa ham, talabning yuqoriligi bilan bog‘liq xizmatlar inflatsiyasi hamon yuqoriligicha qolyapti. Qolaversa, ayrim oziq-ovqat tovarlarining taklifi bilan bog‘liq xatarlar va “qish mavsumida ta’minotdagi uzilishlar” kelgusi oylarda narx-navo oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. MB 2026 yilda 6,5 foizlik inflatsiyani prognoz qilmoqda.
Foto: Kun.uz
O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 28 yanvar kungi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi.
Regulyatorning izohlashicha, 2025 yilda iqtisodiy faollik kutilganidan yuqori darajada shakllandi va bu jarayonda barqaror yalpi talab omillari ustuvor bo‘ldi. Inflatsiya pasayish dinamikasida davom etib, tovarlar narxlari o‘sishi sekinlashishi keng qamrovli xususiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, talab omillari ta’sirida xizmatlar inflatsiyasining nisbatan yuqori saqlanib qolishi, shuningdek, ayrim oziq-ovqat tovarlari narxlari o‘sishi umumiy inflatsiyaning barqaror pasayishiga muayyan xatarlar tug‘dirmoqda. Ushbu sharoitda pul-kredit siyosatining joriy qat’iy darajada saqlab qolinishi inflatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasida shakllanishini ta’minlaydi.
Kelgusi choraklarda ham inflatsiya va inflyatsion kutilmalar barqaror pasayishda davom etgan taqdirda, tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishidan kelib chiqib, pul-kredit sharoitlari qat’iyligini saqlab qolgan holda asosiy stavkani pasayish tomonga ko‘rib chiqish imkoniyatlari yuzaga keladi, deyiladi rasmiy relizda.
Markaziy bank batafsil sharhi:
2025 yil dekabr oyida umumiy inflatsiya prognoz doirasida shakllanib, yillik 7,3 foizgacha pasaydi. Inflatsiyaning pasayishiga qat’iy pul-kredit sharoitlari, almashuv kursining mustahkamlanishi va import narxlari ta’sirlarida bazaviy inflatsiyaning sekinlashishi hissa qo‘shdi. Xususan, dekabr oyida bazaviy inflatsiya yillik hisobda 5,7 foizgacha pasaydi.
Xizmatlar inflatsiyasi ma’lum darajada sekinlashganiga qaramasdan, talab omillari ta’sirida umumiy inflatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar pasayish tendensiyasidan to‘xtab, dekabr oyida biroz o‘sishi qayd etildi.
Ushbu omillar inflatsiyani target darajasigacha barqaror pasaytirish uchun pul-kredit sharoitlarini uzoqroq muddat qat’iy saqlab qolish zarurligini ko‘rsatadi.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026 yil yakunlari bo‘yicha inflatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Yuqori investitsion faollik, fiskal xarajatlar va pul o‘tkazmalarining ortib borishi iqtisodiyotda daromadlar o‘sishi hamda iste’mol talabini joriy yilda ham rag‘batlantiruvchi omil bo‘ladi.
Bundan tashqari, ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifi bilan bog‘liq xatarlar hamda qish mavsumida ta’minotdagi uzilishlar kelgusi oylarda oziq-ovqat hamda xizmatlar narxlariga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklar saqlanib qolishiga qaramasdan umumiy ta’sirlar nisbatan mo‘’tadil bo‘lishi kutilmoqda. Asosiy savdo hamkor mamlakatlarda inflatsiya pasayish trendiga o‘tdi, jahon iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari kutilganidan yuqori shakllandi.
Qimmatbaho metallar narxlarining yuqori darajada o‘sishi kelgusida ham eksport tushumlari va budjet daromadlari tarkibida salmoqli ulushga ega bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Ichki valuta bozorida xorijiy valuta taklifining eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va pul o‘tkazmalari hisobiga qo‘llab-quvvatlanishi 2025 yilda so‘mning 6,9 foizga mustahkamlanishiga xizmat qildi. Bu, import inflatsiyasi bosimini kamaytirishga va dollarlashuv darajasini pasaytirishga yordam berdi hamda tashqi qarzga xizmat qilish xarajatlarini kamaytirdi. Kelgusi oylarda ham tashqi sharoitlarning nisbatan qulay va real samarali almashuv kursi dinamikasini muvozanatli darajada shakllanishi bo‘yicha kutilmalar mavjud.
Joriy iqtisodiy va investitsion faollik fonida yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’atlari 6,5-7 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Bank tizimida likvidlik profitsitining saqlanib qolishi fonida likvidlikni jalb qilish operatsiyalarini jadallashtirilishi pul bozori stavkalari asosiy stavkaga yaqin 13,5-13,8 foiz atrofida shakllanishini ta’minladi. Natijada, ijobiy real foiz stavkalar iqtisodiyotda milliy valutadagi jamg‘armalarni rag‘batlantirib, pul-kredit sharoitlarini qat’iylashtiruvchi omil bo‘lib qolmoqda.
Yuqori yalpi talab omillari xususan, fiskal rag‘batlantirishlar hamda yuqori chakana kreditlash sur’atlari sharoitida asosiy stavkani joriy qat’iy darajada saqlab qolish inflyatsion xatarlarni jilovlashga xizmat qiladi.
Markaziy bank kelgusida ham inflatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi.
Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflatsiyani o‘rta muddatda 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qoladi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026 yil 18 mart kuniga belgilangan.
Mavzuga oid
15:31 / 27.01.2026
Gaz berilmayotgani sababli metan-shoxobchalarda uzundan-uzun navbatlar saqlanib qolyapti
15:15 / 27.01.2026
Gazlidagi konlar “O‘zbekneftgaz”da qoladigan bo‘ldi
11:23 / 26.01.2026
5 grammli oltin quymasining narxi 10 million so‘mdan oshdi
14:26 / 25.01.2026