Jahon | 16:21 / 11.09.2025
4695
3 daqiqa o‘qiladi

Ursula fon der Lyayyen Yevroittifoq–Isroil erkin savdosini to‘xtatishga chaqirdi

Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen Isroil bilan erkin savdoni ham to‘xtatishga chaqirdi. U G‘azodagi urush va humanitar falokatga Yevropa javob bera olmasligini «og‘riqli» deya ta’rifladi. Yevropa Ittifoqi – Isroilning eng yirik iqtisodiy hamkori hisoblanadi.

Foto: AFP

Isroil hukumatini eng keskin tanqid qilgan chiqishida fon der Lyayyen G‘arbiy Sohilni ikkiga bo‘luvchi noqonuniy posyolka qurish rejalarini, shuningdek, ekstremistik isroillik vazirlarning zo‘ravonlikka da’vatlarini «ikki davlat yechimini izdan chiqarishga qaratilgan ochiq urinish» deb atadi. The Guardian nashrining yozishicha, uning bu fikrlari Yevropa parlamentida Strasburgda qilgan yillik «ittifoq holati» nutqida yangradi.

Fon der Lyayyen Yevropaning G‘azoga javob bera olmaganini og‘riqli deb ta’riflab, Yevroittifoq ijroiya organi Isroilga ikki tomonlama yordamni to‘xtatishini e’lon qildi. Bunda faqat fuqarolik jamiyati guruhlari va Xolokost yodgorlik markazi yordam olishda davom etadi. Komissiya shuningdek, Yevroittifoq-Isroil assotsiatsiya kelishuvining savdo qismlarini to‘xtatish bo‘yicha takliflar kiritadi va G‘arbiy Sohildagi isroillik ekstremist vazirlar, zo‘ravonlik sodir qilganlarga qarshi sanksiyalar loyihasini ishlab chiqadi.

Ammo Yevroittifoq bu borada bo‘lingan va Isroil bilan erkin savdoni to‘xtatish uchun zarur ko‘pchilikning qo‘llovini topishi noma’lum. Hattoki, ittifoqda Isroilga qarshi kamroq ambitsiyali choralar ham hozircha to‘sib qo‘yilgan.

Yevroittifoq — Isroilning eng yirik savdo hamkori, o‘rtada yiliga 68 milliard yevrolik tovar va xizmatlar almashinuvi bor. Tanqidchilar uzoq vaqtdan beri Yevropani o‘zini iqtisodiy bosim kuchidan foydalanishga chaqirib kelishgan: Isroil global tovar savdosining 32 foizi YeI bilan, ammo YeIning umumiy savdosida Isroil ulushi atigi 0,8 foiz. 2000 yilda imzolangan Yevroittifoq-Isroil assotsiatsiya kelishuvi erkin savdo hududi yaratgan. Ikki o‘rtada tadqiqot, ekologiya va energetika siyosatida hamkorlikni targ‘ib qilgan.

Ovoz berishdagi muammolar sababli fon der Lyayyen Yevroittifoq tashqi siyosatini boshqarishda yakdillik tamoyilini tugatish tarafdori ekanini takrorladi va «yakdillik kishanlaridan xalos bo‘lish vaqti keldi», dedi.

Yevropa parlamentidagi sotsialistlar yetakchisi Garsiya Peres bu qadamlarni olqishladi, biroq ularni «juda kam va juda kech» deb atadi. 

Mavzuga oid