Jahon | 15:04 / 12.09.2025
9718
5 daqiqa o‘qiladi

FQB Charli Kirk o‘ldirilgan qurolni topdi va gumonlanuvchini qidirmoqda

Qotilni ushlashda yordam berganlar uchun 100 ming dollar miqdorida mukofot e’lon qilindi. Shov-shuvli qotillik bo‘yicha hozirgacha nimalar ma’lum?

Foto: Utah Public Safety

Yuta shtatida konservativ faol va Donald Tramp tarafdori Charli Kirkning o‘ldirilishida gumon qilinayotgan shaxs qidirilmoqda. Turning Point USA asoschisi, 31 yoshli Kirk chorshanba kuni Utah Valley universiteti kampusida nutq so‘zlayotganda halok bo‘ldi.

Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida FQB maxsus agenti Robert Bols rasmiylar Kirkni o‘ldirish uchun mo‘ljallangan qurol – «siljuvchi zatvorli miltiq»ni topishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi.

Bolsning so‘zlariga ko‘ra, qurol mergan o‘zi joylashgan bino tomidan sakrab tushib, yashiringan o‘rmon hududida topilgan. Shuningdek, u qurol tahlil uchun laboratoriyaga yuborilganini qo‘shimcha qildi.

Amerikaning CBS telekompaniyasi manbalari bu 30-06 kalibrli Mauser miltig‘i ekanini ma’lum qildi.

Shuningdek, kriminalistlar gumonlanuvchining oyoq kiyimi, kafti va bilak izlarini topgan.

Yuta jamoat xavfsizligi departamenti komissari Bo Meysonning aytishicha, rasmiylar gumonlanuvchining kampus bo‘ylab harakatlanishini ham aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi kampusga mahalliy vaqt bilan soat 11:52 da yetib kelgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, uning jamoasi merganning kampus bo‘ylab, zinapoyalardan tomga va tom orqali «o‘q uzish joyi»ga harakatlanish yo‘nalishini kuzatgan.

Yutada payshanba kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan navbatdagi matbuot anjumanida gumondorning yangi videosi namoyish etildi. Unda qora kiyimdagi odam bino tomidan sakrab, kampus hududini tark etayotganini ko‘rish mumkin.

FQB rahbari ishtirokidagi matbuot anjumanida ko‘rsatilgan videodan skrinshot

Avvalroq huquq-tartibot idoralari Charli Kirkka qarata otilgan yagona va halokatli o‘q, katta ehtimol bilan, debatlar bo‘lib o‘tgan universitet hovlisi yaqqol ko‘rinib turadigan Losee Center binosi tomidan otilganini ma’lum qilgandi.

Tomdagi figura Kirk o‘tirgan joydan taxminan 130 metr (142 yard) uzoqlikda edi.

Jurnalistlar savoliga javob berarkan, Meyson gumonlanuvchining tashqi ko‘rinishi talabalarni eslatishi, bu esa unga «universitet muhitiga yaxshi moslashish»ga yordam berganini aytdi.

Jumaga o‘tar kechasi Yuta shtati jamoat xavfsizligi departamenti ham tergov uchun qiziqish uyg‘otayotgan shaxsning yangi suratlarini e’lon qildi va jamoatchilikdan ushbu shaxsni aniqlashda yordam so‘radi.

AQSh Federal qidiruv byurosi rahbari va Yuta shtati jamoat xavfsizligi departamenti komissari ishtirokidagi matbuot anjumanida qotillikda gumondorning suratlari va videolari namoyish etildi.

Ularda qidiruvdagi shaxs Amerika bayrog‘i fonida uchayotgan burgut tasviri tushirilgan futbolka, uchburchak shaklidagi emblemasi bo‘lgan beysbol kepkasi va Converse’ga o‘xshash keda kiyganini ko‘rish mumkin.

BBC Verify jamoasi ilgari rasmiylar tomonidan tarqatilgan gumondorning fotosuratlarini internetdagi mavjud tasvirlarga o‘xshashlikni qidiruvchi yuzlarni aniqlash tizimi orqali tekshirdi, ammo tasvirlar xiraligi va u qora ko‘zoynak taqib olgani sababli qidiruv natija bermagan. Shunga qaramay, qora koftadagi rasmni qidirish internetda shunga o‘xshash tasvirlarni chiqarib bergan.

FQB Charli Kirkning o‘ldirilishiga aloqador shaxs yoki shaxslarni aniqlash va hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 100 ming dollar mukofot e’lon qildi.

Yuta gubernatori Spenser Koks huquq-tartibot idoralari allaqachon aholidan 7 mingdan ortiq xabar olganini aytdi – bu 2013 yilda Boston marafonidagi portlashdan beri eng katta ko‘rsatkichdir.

Bu orada bortida Charli Kirkning jasadi solingan tobut bo‘lgan samolyot Yutadan u yashagan Arizonaga yetib keldi. Uning bevasi Erikaga samolyotda AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens hamda uning rafiqasi Usha hamrohlik qilgan.

Charli Kirkning bevasi Erika Jyey Di Vens hamda uning rafiqasi Usha bilan

Prezident Tramp Charli Kirkni vafotidan keyin Ozodlik medali bilan taqdirlashini e’lon qildi, shuningdek, 11 sentabr voqealariga bag‘ishlangan nutqini uning o‘limi haqida gapirish bilan boshladi.

«Biz uni juda sog‘inib qolamiz. Ammo Charlining son-sanoqsiz odamlar, ayniqsa, yoshlar qalbiga jo qilgan ovozi va jasorati yashashda davom etishiga shubham yo‘q», – dedi Donald Tramp.

Prezidentning 11 sentabr munosabati bilan Pentagon binosi yaqinida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan nutqi joyi kuchaytirilgan xavfsizlik choralari tufayli ichki hovliga ko‘chirildi.

Mavzuga oid