Yuta shtatida konservativ faol va Donald Tramp tarafdori Charli Kirkning o‘ldirilishida gumon qilinayotgan shaxs qidirilmoqda. Turning Point USA asoschisi, 31 yoshli Kirk chorshanba kuni Utah Valley universiteti kampusida nutq so‘zlayotganda halok bo‘ldi.
Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida FQB maxsus agenti Robert Bols rasmiylar Kirkni o‘ldirish uchun mo‘ljallangan qurol – «siljuvchi zatvorli miltiq»ni topishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi.
Bolsning so‘zlariga ko‘ra, qurol mergan o‘zi joylashgan bino tomidan sakrab tushib, yashiringan o‘rmon hududida topilgan. Shuningdek, u qurol tahlil uchun laboratoriyaga yuborilganini qo‘shimcha qildi.
Amerikaning CBS telekompaniyasi manbalari bu 30-06 kalibrli Mauser miltig‘i ekanini ma’lum qildi.
Shuningdek, kriminalistlar gumonlanuvchining oyoq kiyimi, kafti va bilak izlarini topgan.
Yuta jamoat xavfsizligi departamenti komissari Bo Meysonning aytishicha, rasmiylar gumonlanuvchining kampus bo‘ylab harakatlanishini ham aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi kampusga mahalliy vaqt bilan soat 11:52 da yetib kelgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, uning jamoasi merganning kampus bo‘ylab, zinapoyalardan tomga va tom orqali «o‘q uzish joyi»ga harakatlanish yo‘nalishini kuzatgan.
Yutada payshanba kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan navbatdagi matbuot anjumanida gumondorning yangi videosi namoyish etildi. Unda qora kiyimdagi odam bino tomidan sakrab, kampus hududini tark etayotganini ko‘rish mumkin.

Avvalroq huquq-tartibot idoralari Charli Kirkka qarata otilgan yagona va halokatli o‘q, katta ehtimol bilan, debatlar bo‘lib o‘tgan universitet hovlisi yaqqol ko‘rinib turadigan Losee Center binosi tomidan otilganini ma’lum qilgandi.
Tomdagi figura Kirk o‘tirgan joydan taxminan 130 metr (142 yard) uzoqlikda edi.
Jurnalistlar savoliga javob berarkan, Meyson gumonlanuvchining tashqi ko‘rinishi talabalarni eslatishi, bu esa unga «universitet muhitiga yaxshi moslashish»ga yordam berganini aytdi.
Jumaga o‘tar kechasi Yuta shtati jamoat xavfsizligi departamenti ham tergov uchun qiziqish uyg‘otayotgan shaxsning yangi suratlarini e’lon qildi va jamoatchilikdan ushbu shaxsni aniqlashda yordam so‘radi.









