Jamiyat | 20:59 / 12.09.2025
15769
6 daqiqa o‘qiladi

“Tez kelinglar, nabiramni so‘yib qo‘ydi” – Sergelidagi fojia tafsilotlari

Qariyb 4 yil avval Toshkent hayvonot bog‘ida onasi tomonidan ayiq qafasiga tashlab yuborilgan qizaloq qotillik qurboni bo‘ldi. Joriy yil avgust oyi boshida ruhiy kasalliklar shifoxonasidan chiqqan ona qizini pichoqlab o‘ldirdi. Kun.uz muxbiri fojia tafsilotlarini o‘rganishga harakat qildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi ayol o‘z qizining qotiliga aylandi. Voqea joriy yilning 8 sentabr kuni soat taxminan 15:30–16:00 lar atrofida sodir bo‘lgan. 34 yoshli Zilola To‘laganova maktabga chiqqaniga 1 hafta bo‘lgan 7 yoshli qizi Zarina Ahadovaga oshxona pichog‘ini sanchgan. Qizaloq olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan.

Qotillik qurboniga aylangan Zarina Ahadova 2022 yil yanvar oyida Toshkent hayvonot bog‘ida onasi tomonidan to‘siq ortidan ayiqning qafasiga tashlab yuborilgandi. Kavkaz ayig‘i qizga yaqinlashib, hidlab ko‘rib, so‘ng ortiga qaytgan. O‘shanda bog‘ ishchilari ayiqni ichki xonaga chaqirib olishgan edi. Qizaloqda ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi aniqlangan, bir muddatdan so‘ng uning ahvoli yaxshilangan va uyiga javob berilgandi.

Keyinroq Zilola To‘laganovaning psixonevrologik dispanser ro‘yxatida turgani, oilada bosimga uchragani va turmush o‘rtog‘i bilan ajrashmoqchi bo‘lgani ma’lum bo‘lgandi. Shundan so‘ng u ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Qizaloq va uning akasini buvisi (ona tomondan) vasiylikka olgan. 2023 yildan shu vaqtga qadar bolalar buvisi va bobosining qaramog‘ida bo‘lgan. Bobo nafaqada, buvi esa xonadon yaqinida joylashgan pazandalik sexida ishlagan.

2025 yil avgust oyida Zilola To‘laganovaga ruhiy kasalliklar shifoxonasidan javob berilgan. U uyiga qaytib, ota-onasi va farzandlari bilan birga yashay boshlagan. Mahalla raisi Shuhrat Karimjonovning aytishicha, ruhiy kasalliklar shifoxonasi tomonidan ayolning uyiga qaytarilayotgani haqida ogohlantirish yoki xat orqali xabar ham berilmagan.

Odatda qamoqdan chiqqan odam so‘zsiz nazoratga olinadi. Profilaktika inspektoriga xabar qilinadi, har kuni bo‘lmasa ham u muntazam tekshirib turiladi. Nega ruhiy kasalliklar shifoxonasidan chiqqan bemorlar uchun bunday tartib yo‘q? Axir ular ham jamiyat uchun xavf tug‘dirishi mumkin-ku. Qotillikni sodir etgan ayol qachon uyiga olib kelinganini boshida bilmadik. U davolangan kasalxonadan bizni ogohlantirishmadi. Keyin onasi kelib, qizining uyga qaytganini aytdi. Shundan so‘ng, mahalla yettiligi bilan kelishib, xabar olib turdik”, – deydi rais.

Oliy ma’lumotli, ta’limning san’atshunoslik bo‘yicha magistratura bosqichini tamomlagan Zilola To‘laganova bir necha yil avval turmush o‘rtog‘i bilan kelisha olmay, ota uyiga qaytib kelgan. Lekin qonuniy ajrashmagan. Mahalla vakillari so‘zlariga ko‘ra, ayoldagi ruhiy buzilish eri bilan o‘rtasida yuzaga kelgan janjallar va kaltaklanish oqibatida paydo bo‘lgan. Ota uyi tinch, hech qanday kelishmovchiliklar bo‘lmagan.

Xonadon qo‘shnilaridan birining aytishicha, marhum Zarina juda ko‘p yig‘lagan. Ta’kidlanishicha, qizaloq ayiq qafasiga tashlab yuborilganidan so‘ng shunday injiq bo‘lib qolgan.

Qo‘shnimning 4 nafar farzandi bor. Ikki qizi turmushdan qaytgan, o‘gli hali oila qurmagan. Zilola eng katta farzand, unda bir o‘gil va bir qiz bor edi. Qizchasi endigini 7 yoshga to‘lib, 1 sinfga chiqqandi. Juda ko‘p yig‘lardi. Ba’zida bobo-buvisi ko‘ndira olmay, o‘z holiga tashlab qo‘yardi. Chiday olmaganimizdan ayrim vaqtlarda “qarasangiz bo‘lmaydimi bolaga” deb turmush o‘rtog‘im bilan chiqib gapirardik. Shu qadar qattiq baqirib, to‘xtovsiz yig‘lardiki, asablarimiz dosh bermay qolardi. Boladagi bu holatni ayiq qafasiga tashlab yuborilganidan keyin boshining qattiq jarohatlanishi natijasida yuzaga kelgan deb o‘ylardik”, – deydi shaxsi sir saqlanishini istagan qo‘shni.

Qo‘shnining ta’kidlashicha, voqea yuz bergan kuni ham qizaloq baqirib yig‘lagan. 15:30-16:00 lar atrofida avval qizcha, keyin onasining ovozi eshitilgan. Shundan so‘ng qizaloqning bobosi rafiqasini qo‘ng‘iroq qilib sexdagi ishidan chaqirgan. Bu orada bobo tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilib, fojia haqida xabar bergan.

Devorimiz bitta bo‘lgani uchun hamma ovoz bemalol eshitiladi. Qo‘shnim tez yordamga telefon qilib, “tez kelinglar, nabiramni so‘yib qo‘ydi” deganini eshitdim. Keyin darhol turmush o‘rtog‘imga voqeani aytdim. Biroz vaqt o‘tib, tez tibbiy yordam, ichki ishlar xodimlari yetib keldi. O‘g‘lim va ovsinimning farzandini guvohlikka olib chiqib ketishdi”, — deydi qo‘shni.

Mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ayol protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid