O‘zbekiston | 07:38 / 13.09.2025
6415
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda sudya katta yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Andijon sudya katta yordamchisi, Jizzaxda advokat qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadr

Andijon viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasining katta yordamchisi Andijon shahrida yashovchi ayolning nomidan Andijon tumanlararo FIB sudiga da’vo arizasi kiritib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ayolning sobiq turmush o‘rtog‘iga tegishli mol-mulklarning bir qismini uning foydasiga hal qilish haqida qaror chiqartirib berish evaziga 500 AQSh dollari talab qilgan.

Sudya katta yordamchisi hozirga qadar so‘ralgan pul mablag‘idan 200 AQSh dollari olgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u qolgan 300 AQSh dollariga teng hisoblab, 3 mln 800 ming so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda sudya katta yordamchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Bu kabi qonunbuzilish Jizzax shahrida ham qayd etilib, unda mahalliy advokatlik hay’ati advokati o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, Mirzacho‘l tumanida yashovchi fuqaro bilan o‘zaro til biriktirib, Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi manzil koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan mahkumni Jizzax viloyat sud tizimidagi tanishlari orqali oqlov hukmi asosida muddatidan oldin ozodlikka chiqarib berish evaziga 6 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari hamkorligida Jizzax shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid