Ta’lim | 18:09 / 13.09.2025
3261
2 daqiqa o‘qiladi

Repetitor sifatida daromadni oshirish uchun 4 tavsiya

Repetitorlik - bu nafaqat dars o‘tish, balki kichik biznes ham. Ammo daromad doim ham barqaror bo‘lavermaydi. E’tiboringizga uzoq yillar davomida repetitorlik qilib, ko‘proq pul ishlab topgan va moliyaviy barqarorlikka erishgan ustozlardan tavsiyaviy, to‘rtta asosiy jihatni xavola etamiz.

Foto: Pixabay

Keng ko‘lamda ishlash. Guruh darslarini yo‘lga qo‘yish, master-klasslar o‘tkazish va onlayn kurslarni boshlash. Bir yoki bir nechta o‘quvchi o‘rniga butun guruh bilan ishlash daromadni oshiradi. Bundan tashqari, videokurslar va o‘quv materiallarini tayyorlash ham qo‘shimcha passiv daromad. Bu kelajakka qilingan investitsiya hisoblanib, natijani ko‘p kuttirmaydi. Boshqalardan ajralib turish uchun interaktiv platformalardan foydalanish tavsiya etiladi.  

Narxlarni oshirish va bunga mos bo‘lish. Ishni boshlash arafasida to‘lovlar miqdori birmuncha pastroq bo‘ladi, lekin vaqt o‘tib, tajriba oshib borishi bilan mehnatning qadri ko‘tariladi. Asta-sekin o‘quvchilarni oldindan ogohlantirgan holda to‘lovlarni oshirish mumkin. Daromad ko‘tarilib, tinglovchilar soni kamaymasa kishida o‘ziga ishonch uyg‘onadi. Bu holatda e’tibor berish kerak bo‘lgan nuqta - bu narx = sifat.

Moslashuvchan vaqt. Kechki va dam olish kunlariga darslarni qo‘shish. Bunda haftaning odatiy kunlarida shug‘ullana olmaydigan o‘quvchilar uchun ham imkoniyat paydo bo‘ldi.

Shaxsiy brendni rivojlantirish. Daromadni oshirish uchun odamlar ustozni tanishlari kerak. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ochib, foydali postlar yozish, o‘qitish usullari va o‘rganish bo‘yicha maslahatlar bilan bo‘lishish zarur. Bu yangi tinglovchilarni jalb qilishning samarali usuli.

Eng asosiysi — yangilikdan qo‘rqmaslik, o‘z ustida ishlash va oldinga intilish talab etiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid