O‘zbekiston | 13:24 / 13.09.2025
1718
4 daqiqa o‘qiladi

Yoshlarning yagona elektron platformasi axborot tizimi yaratiladi

Prezidentning "Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Hujjat mahallalarda yoshlar bilan ishlashni takomillashtirishga, xususan, yoshlar yetakchilarining individual va manzilli ishini faollashtirishga, shuningdek yoshlarning kasbiy qiziqishlarini erta aniqlashga qaratilgan.

Yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalari:

  • yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyat uchun foydali va umummilliy manfaatlarga xizmat qilishga qaratilgan loyihalarni mahalla darajasida amalga oshirish;
  • yoshlarning shaxsiy rivojlanishiga, ularning iqtidori va iste’dodini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish, "Besh tashabbus olimpiadasi"ni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
  • mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalari va o‘z taqdiri uchun mas’uliyat hissini kuchaytirish orqali bandlikka ko‘maklashish;
  • "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga ko‘rsatiladigan yordamning ijtimoiy hamkorlik tamoyiliga asoslanishini ta’minlash.

Yoshlar yetakchilariga asosiy vazifalarga bog‘liq bo‘lmagan boshqa topshiriqlarni yuklash taqiqlanadi.

Farmon bilan "mahalla yettiligi" va ta’lim muassasalari o‘rtasida yoshlarni, xususan, umumta’lim maktablari bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash sohasida hamkorlik tizimi joriy etiladi.

Maktablarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari har oyda sinf rahbari va maktab psixologi hamkorligida xulq-atvorida muayyan murakkabliklar kuzatilgan o‘quvchilar hamda bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida qo‘shimcha fanlar, xorijiy tillar va kasblarni o‘rganish, sport turlari bilan shug‘ullanishga qiziqish bildirayotganlarni aniqlaydi.

Keyin bunday o‘quvchilarning ro‘yxati shakllanadi va yoshlar yetakchisi hamda mahalla raisiga taqdim etiladi.

Yoshlar yetakchilari mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalari va o‘z taqdiri uchun mas’uliyat hissini kuchaytirish orqali bandlikka ko‘maklashadi. 

2026 yil 1 fevralgacha "Yoshlar daftari" va "Yoshlar portali" elektron platformalari negizida quyidagi funksiyalarga ega "Yoshlarning yagona elektron platformasi" axborot tizimi yaratiladi:

  • yoshlarning demografik va ijtimoiy holati, bandligi, ta’lim olishiga oid ma’lumotlar asosida "Yoshlar balansi"ni shakllantirish;
  • yoshlarning qiziqishlarini aniqlash bo‘yicha sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish, uning natijalarini avtomatik tahlil qilish;
  • yoshlarga oid mavjud imtiyozlar, preferensiyalar va imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berish.

 
2026 yil 1 fevraldan boshlab "Yoshlar daftari" jamg‘armasidan ijtimoiy yordam olish bo‘yicha arizalarni taqdim etish va qarash natijalari bo‘yicha qaror qabul qilishga oid barcha ma’muriy tartib-taomillar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) hamda Yoshlarning yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.

2026 yildan boshlab Yoshlar ishlari agentligi tomonidan har yili davlat yoshlar siyosatini amalga oshirish to‘g‘risida milliy ma’ruza tayyorlanadi. U 30 iyun – Yoshlar kuni arafasida e’lon qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid