Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Boks bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston yana 3 ta oltin oldi
Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Javohir Ummataliyev va To‘rabek Habibullayev finalda o‘z raqiblarini mag‘lub etdi. O‘zbekiston boks jamoasi umumiy reytingda peshqadamlik qilmoqda. Kechki dasturda yana to‘rt final kutmoqda.
Angliyaning Liverpul shahri mezbonligida o‘tayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatining so‘nggi kuni O‘zbekiston vakillari uchun o‘ta muvaffaqiyatli boshlandi.
Dastlab -65 kg vazn toifasida Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev oltin medal uchun ringga ko‘tarildi. O‘zbekiston jamoasi yetakchisi hal qiluvchi jangda braziliyalik Yuriy Falkao Dos Reys ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozondi va jamoa hisobiga ikkinchi oltin medalni keltirdi.

Mo‘ydinxo‘jayev turnir davomida xitoylik Jianxao Ju, finlandiyalik Ismail Umar va qozog‘istonlik Ertug‘an Zeynulinov kabi raqiblarni mag‘lub etgandi, yarimfinaldagi raqibi gurjistonlik Lasha Guruli esa jarohat sababli ringga chiqmadi.
Finalda ham g‘olib bo‘lgan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev endi ikki karra jahon chempioni hisoblanadi.
Biroz o‘tib, -80 kg vazn toifasida finalga chiqqan Javohir Ummataliyev fransiyalik Yojyerlen Sezarni uch raund yakunlariga ko‘ra mag‘lubiyatga uchratib (5:0), jahon chempioniga aylandi.

20 yoshli bokschi finalgacha bo‘lgan yo‘lida polshalik Nikodem Kozak, janubiy koreyalik Kim Minseong, qozog‘istonlik Nurbek Oralbay hamda xorvatiyalik Gabriel Veochich (o‘z vaznida amaldagi chempion bo‘lgan raqibni nokdaun holatiga ham tushirdi) kabi raqiblarni taslim etgandi.
Kunning uchinchi finalida To‘rabek Habibullayev braziliyalik Isaias Ribeiroga qarshi jang qildi. -90 kg vazn toifasidagi final jangida To‘rabek ham raqibini ochkolar bo‘yicha mag‘lubiyatga uchratdi (5:0) va O‘zbekiston hisobiga navbatdagi oltin medalni taqdim etdi.

Habibullayev esa turnirdagi ishtiroki davomida gretsiyalik Vagkan Nanitzanian, qozog‘istonlik Sag‘indik Tog‘ambay hamda ispaniyalik Enmanuel Reys Pla kabi raqiblar to‘sig‘idan o‘tib, finalga chiqqandi.
13 sentabr kuni o‘tkazilgan erkaklar o‘rtasidagi dastlabki finalda Fazliddin Erkinboyev (-75 kg) Bolgariya vakili Kivan Ramini mag‘lub etib, oltin medallar hisobini ochib bergandi. Bundan tashqari, 13 sentabr kungi yarimfinal janglarida ayollar jamoasidan Cabina Boboqulova, Feruza Kazakova va Aziza Zokirova navbatdagi raqiblarga mag‘lub bo‘lib, bronza medallarga sazovor bo‘lishgandi.
Shu tariqa, O‘zbekiston hisobidagi medallar soni hozircha 7 tani tashkil etmoqda – 4 oltin va 3 bronza. Jamoa umumiy reytingda birinchi o‘rinda mustahkam joylashgan.
Eng yaqin ta’qibchilar Qozog‘iston (2-1-2) va Hindiston (2-1-2) jamoalari medallar sifati bo‘yicha ham, soni bo‘yicha ham ortda.
Kun davomida o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari ishtirokida yana 4 ta final jangi bo‘lib o‘tadi:
22:15. -60 kg. Abdumalik Xalokov – Luiz Gabriel de Oliveyra (Braziliya)
22:30. -65 kg. Navbahor Hamidova – Aida Abikeyeva (Qozog‘iston)
23:15. -85 kg. Akmaljon Isroilov – Tign Stott (Angliya)
24:45. +90 kg. Jahongir Zokirov – Oybek O‘ralboy (Qozog‘iston).
Mavzuga oid
19:34 / 28.11.2025
Boks bo‘yicha 2026 yilgi jahon kubogi O‘zbekistonda o‘tkaziladi
19:16 / 18.11.2025
Usik endi mutlaq jahon chempioni emas. U WBO kamarini jangsiz topshirdi
22:27 / 19.10.2025
Mujibillo Tursunov WBC Gran-pri musobaqasi finaliga chiqdi
10:10 / 07.10.2025