Biznes | 19:55 / 15.09.2025
1782
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy TikTok’ning AQShdagi operatsiyalarini Vashingtonga beradigan bo‘ldi

AQSh moliya vaziri Vashington Xitoy bilan TikTok'ning operatsiyalariga Amerika egalik qilishi bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qildi. Vazir Skott Bessentga ko‘ra, prezident Tramp va rais Si juma kuni kelishuvga qo‘l qo‘yadi. Lekin Xitoy buni hali tasdiqlamagan. Pekin rozi bo‘lmasa, Vashington 17 sentabr kuni platformani bloklaydi.

Foto: Getty images

Trampga ko‘ra, Madriddagi Xitoy-Amerika savdo muzokaralari yaxshi o‘tgan, yoshlar uchun platformani saqlab qolish bo‘yicha kerakli kelishuvga erishilgan. TikTokʼning xitoylik egasi o‘zining Amerikadagi operatsiyalari uchun xaridor topishi kerak. Aks holda AQShda taqiqlanishi mumkin bo‘lgan muddat yaqinlashib kelmoqda.

Shu yilning yanvar oyida AQSh Oliy sudi o‘tgan yil ishlab chiqilgan qonunni tasdiqlagan va kompaniya agar AQShdagi operatsiyalarni bermasa, ilova Amerika hududida butunlay taqiqlanishi eslatilgan.

AQSh Adliya vazirligi TikTokʼning amerikalik foydalanuvchilar ma’lumotlariga ega bo‘lib turishini - “milliy xavfsizlikka katta miqyosdagi tahdid” deb biladi.

TikTok esa bir necha bor AQShdagi operatsiyalarida to‘liq mustaqil ekanligini va Xitoy hukumatiga hech qanday ma’lumot berib turmasligini ta’kidlagan. Kompaniyaga ko‘ra, bu taqiq AQShdagi 170 million foydalanuvchilarning so‘z erkinligi va ma’lumotlar himoyasini buzadi.

Bloklash qonuni kuchga kirgandan so‘ng, yanvar oyida Tramp masalaga aralashgan hamda ilovani bloklashni 75 kunga kechiktirishga rozi bo‘lgandi. O‘shandan beri oxirgi muddat uch marta uzaytirildi va so‘nggi muddat etib 17 sentabr belgilangan.

Ilgari platformaning potensial xaridorlari sifatida turli shaxslar, jumladan Tesla egasi Ilon Mask, biznesmen MrBeast va milliarder investor Frenk Makkurt ko‘rsatilgan.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid