Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb baholadi
Isroil Tashqi ishlar vazirligi hisobotni yolg‘on va noxolis deb atadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus tergov komissiyasi seshanba kuni Isroil G‘azoda genotsid sodir etgani va Isroilning yuqori martabali amaldorlari, jumladan, bosh vazir Binyamin Netanyahu bu harakatlarga turtki bergani haqida xulosaga keldi. Isroil Tashqi ishlar vazirligi bu hisobotni qat’iyan rad etdi va uni tuzuvchilarni noxolislikda hamda Hamasning uzoq vaqtdan beri rad etib kelinayotgan yolg‘onlarini takrorlashda aybladi.
Hisobotda qotilliklar ko‘lami, insonparvarlik yordamini bloklab qo‘yish, bepushtlikni davolash klinikasini majburan ko‘chirish va yo‘q qilish misollari keltirilgan. Bu esa boshqa inson huquqlari tashkilotlari xulosalariga mos keladi.
Okkupatsiya ostidagi Falastin hududlarida tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha mustaqil xalqaro komissiya BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan 2021 yilda xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlarining barcha ehtimoliy buzilishlarini tekshirish maqsadida tashkil etilgan.
«G‘azoda genotsid sodir bo‘lmoqda, – dedi Falastin bo‘yicha tergov komissiyasi rahbari, Xalqaro jinoiy sudning sobiq sudyasi Navi Pilley. – Ushbu vahshiyona jinoyatlar uchun javobgarlik deyarli ikki yil davomida G‘azodagi falastinliklarni yo‘q qilish uchun aniq maqsad bilan genotsid kampaniyasini uyushtirgan Isroil rasmiylarining yuqori doiralari zimmasida».
Isroil komissiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortdi. Isroilning Jyenevadagi diplomatik missiyasi komissiyada Isroilga qarshi qaratilgan siyosiy kun tartibi mavjudligini aytmoqda.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi ushbu hisobotni qat’iyan rad etib, uni «buzilgan va yolg‘on» deb atadi. Vazirlik matbuot kotibi komissiyaning uch nafar ekspertini «Hamas vakillari» deb atab, ularni «Hamasning allaqachon to‘liq rad etilgan yolg‘onlari»ga ishonishda aybladi.
«Hisobotdagi yolg‘onlardan farqli o‘laroq, aynan Hamas Isroilda genotsid sodir etishga uringan – 1200 kishini o‘ldirgan, ayollarni zo‘rlagan, oilalarni tiriklayin yoqib yuborgan va barcha yahudiylarni o‘ldirish maqsadini ochiqchasiga e’lon qilgan», – deya qo‘shimcha qildi u.
Isroil avval ham komissiyani noxolislikda ayblagandi. 2022 yilda komissiya a’zolaridan birining ijtimoiy tarmoqlar «yahudiy lobbisi tomonidan nazorat qilinishi» haqidagi so‘zlari mojaro keltirib chiqargandi.
«Bizni obro‘sizlantirishga urinish uchun katta mablag‘ sarflayotgan yahudiy lobbisi yoki ayrim nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan sezilarli darajada nazorat qilinadigan ijtimoiy tarmoqlardan hafsalamiz pir bo‘ldi», – degandi komissiya a’zosi Milun Kotari uch yil oldin.
O‘shanda butun dunyodan o‘n oltita yahudiy tashkiloti Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi raisiga maktub yo‘llab, uni yahudiylar va yahudiy davlati sha’niga haqoratli so‘zlar aytgan Isroil faoliyatini tekshirish komissiyasi a’zolarini chetlatishga chaqirgan edi.
Kengash prezidenti Federiko Villegas Navi Pilleyga maktubida Milun Kotarining so‘zlari «yahudiy xalqining stigmatizatsiyasi sifatida asosli ravishda talqin qilinishi mumkinligi, bu esa... antisemitizmning har qanday ko‘rinishi asosida yotishi»ni tan olgan.
Pilley bunga javoban o‘zining xolisligini ta’kidladi va komissiya a’zolariga «shaxsiy hujumlar»ni qoralab, ularning so‘zlari «kontekstdan yulib olingani»ni aytdi. Komissiyaning yana bir a’zosi Kristofer Sidoti «antisemitizm ayblovlari to‘ydagi guruchdek sochilayotgani»ni ta’kidlagan.
Komissiyaning 72 sahifali yuridik tahlili BMTning bugungi kundagi eng ishonchli xulosasi bo‘ldi, ammo bu organ mustaqil bo‘lib, rasman Birlashgan Millatlar Tashkiloti nomidan ishlamaydi. BMT hozircha «genotsid» atamasini qo‘llamagan, ammo unga buni amalga oshirish uchun tobora ko‘proq bosim o‘tkazilmoqda.
Isroil Haagadagi Xalqaro sudda genotsid ishi bo‘yicha bahslashmoqda. Tel-Avivdagilar Hamasning 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumidan so‘ng o‘zini himoya qilish huquqiga egaligini aytib, o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etmoqda.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, sektorda so‘nggi ikki yillikda harbiy harakatlar tufayli 64 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, aholining bir qismi ochlikdan aziyat chekmoqda.
- Isroil bungacha ham bir necha bor G‘azo sektorida falastinliklarni genotsid qilishda ayblangan. BMT Xalqaro sudi JARning 2023 yil oxirida Isroilga qarshi genotsid bo‘yicha bergan da’vosini ko‘rib chiqmoqda, ammo ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish uchun yillar kerak bo‘lishi mumkin. Yanvar oyida sud Isroildan G‘azo sektorida genotsidning oldini olish uchun zudlik bilan choralar ko‘rishni talab qilgandi.
- Avgust oyi oxirida Oziq-ovqat xavfsizligini baholash bo‘yicha xalqaro tashabbus qo‘mitasi G‘azo shahrida 514 mingdan ortiq odam o‘ta ocharchilik sharoitida qolgani haqida xulosaga keldi. Ushbu mintaqadagi ochlik darajasini baholash birinchi marta Oziq-ovqat xavfsizligi bosqichlarining integratsiyalashgan tasnifi (IPC)ning eng yomon darajasi – 5-bosqichiga ko‘tarildi. Isroildagilar bu fikrga mutlaqo qo‘shilmaydi. 15 sentabr kuni Isroil mudofaa kuchlari G‘azo shahrini egallash uchun quruqlikdagi operatsiyani boshladi. Bundan maqsad Hamasni uzil-kesil mag‘lubiyatga uchratish deb belgilab olingan.