O‘zbekiston | 19:49 / 16.09.2025
8941
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident Norinda aholi bilan suhbatlashdi

Prezident «og‘ir» mahalla aholisi bilan muloqot qilib, muammolarni hal qilish va namunali sharoitlar yaratishga topshiriq berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga kirdi.

Prezident matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, mahallaning sharoiti og‘ir, ichki yo‘llar ta’mirtalab, ko‘cha chiroqlari va lotoklar yo‘q. Bu yerda 5 mingdan ziyod aholi yashaydi. 62 ta kambag‘al oila, 118 nafar ishsiz bor, 157 odam migratsiyada.

Prezident og‘ir ahvoldagi mahalla binosini borib ko‘rdi va u yerda mutasaddilar bilan gaplashdi.

«Biz maqtanib Namangan chiroyli, Namangan gullar shahri deyapmiz, bu yer-chi? Bu yer qachon gullar shahri bo‘ladi?»  deya tanqid qildi u obektni ko‘rsatib.

Mas’ullardan biri tegishli savolga javoban hozirda viloyatdagi 54 mahalladan 4 tasi mana shunday og‘ir ahvolda ekanini aytgan.

Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovga topshiriq berdi. «Bugun qaror qabul qilasan  tuman hokimi kelib mana shu yerda yotadi. Bu yerdagi odamlar odam emasmi?» degan davlat rahbari.

Sho‘rariq mahallasi raisi prezidentga «mahalla yettiligi» tashkil etilgani uchun rahmat aytdi.

«Oylik olyapsiz-ku, yo olmayapsizmi? Harakatlaringiz sizlarni boshqacha bo‘ladi, odamga yaqinlashasizlar. Xalq bilan davlat orasida ko‘prik bo‘lasizlar, deb harakat qilganmiz. Bu yerda qanaqa „yettilik“? Qani „yettilik“?»  savol berdi davlat rahbari.

Mahalla raisi hudud tez orada kambag‘allikdan xoli hududga aylanishini va’da bergan.

«Bilasizlarmi, bunaqa joylarimiz bizga yarashmaydi, barakamiz ketadi. Ota-bobomizga ham, Namanganga ham, urf-odatimizga ham, o‘zligimizga ham yarashmaydi bu joylar»,  deya tushuntirdi prezident.

Shundan so‘ng prezident mahalla ahli bilan uchrashdi va ularning fikrlarini tingladi.

«Bugun Namanganga kelib, odamlarni rozi qilish, qadrini ko‘tarish, yangi rejalarni amalga oshirishga keldik.

Sizning mahallangiz qavs ichida rivojlangan bo‘lib ketgan ekan. Mahalla raisining binosini ko‘rdim... Bugundan boshlab mahalla o‘zgaradi, mahallaning atrofi o‘zgaradi, nominiyam o‘zgartiryapmiz. Sho‘rariq emas, Yangi Namangan mahallasi bo‘ladi...

Katta mablag‘ berildi, 10 milliard so‘m. Juda katta loyiha bo‘ladi, sizlar bilan bamaslahat qilinadi. Dam olishlaringa, bolalar o‘qishiga joy bo‘ladi, tibbiyot ham o‘zgaradi, maktab ham o‘zgaradi»,  degan prezident.

Ko‘chalar obod qilinib, qiyofasi yangilanishi, odamlarning yashashi, sayr qilib, bolalari bilan dam olishi uchun munosib sharoitlar bo‘lishi aytilgan.

Mutasaddilarga mahallani namunaga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Jumladan, unga shahar muhitini olib kirish va tadbirkorlik uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi. U asosida joylar tayyor loyiha va infratuzilma bilan tashabbuskorlarga taklif etiladi. Natijada mahallaning salohiyati oshib, atrofdagi 5 ta mahalla uchun markazga aylanadi.

Zamonaviy mahalla guzari va sayilgoh barpo etiladi, bolalar va sport maydonchalari, kutubxona, kasb va til o‘rgatish markazi, bank shoxobchasi tashkil qilinadi. Maktab va bog‘chalar davlat investitsiya dasturi doirasida kapital ta’mirlanadi. Ko‘chalar asfaltlanib, manzarali va mevali daraxtlar, gul ko‘chatlari ekiladi. Eskirgan va hosildorligi past bog‘lar to‘liq yangilanadi. Ijtimoiy shartnoma asosida odamlar o‘z uylarini tartibga keltiradi.

 

 

Umuman, butun mamlakatimizda quyi tizimda ishlarni “jonlantirish” bo‘yicha qaror ishlab chiqilayotgani aytildi. Tuman va mahallalarga yangicha qiyofa olib kirish uchun budjetdan jami 5 trillion so‘m ajratiladi. Jumladan, Namanganda Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard so‘mdan, qolgan tumanlarning ikkitadan “og‘ir” mahallasiga esa 5 milliard so‘mdan yo‘naltirilib, ularni mehnatda namunali, hayoti farovon, tadbirkorlikda yetakchi hududga aylantirish choralari ko‘riladi.

Mavzuga oid