Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Seriallar nega bugungi kunda ayollar hayotining ajralmas qismiga aylandi?
Bugungi kunda seriallar ko‘rish ko‘plab ayollar hayotida doimiy odatga aylangan. Psixologlar bu haqida nima deydi va seriallarga bo‘lgan qiziqish ortida qanday ehtiyojlar yotadi?
Bugungi kunda seriallar millionlab tomoshabinlar, ayniqsa ayollar auditoriyasi uchun kundalik hayotning bir qismiga aylangan. Uy ishlari, ta’lim yoki ishdan so‘ng ekran qarshisida serial tomosha qilish ko‘pchilik ayollar uchun dam olish, hordiq chiqarish va o‘zini hissiy jihatdan quvvatlashning sinovdan o‘tgan usuliga aylangan.
Emotsional ehtiyoj va real hayotdan uzilish
Psixologlar fikricha, seriallarning ommalashuvi ortidagi asosiy sabab — insondagi hissiy aloqalarga bo‘lgan ehtiyoj. Seriallar tomoshabinga nafaqat qiziqarli voqealarni, balki orzu qilingan munosabatlar, yechimini topa olmagan muammolar yoki hayotda bo‘lmagan tajribalarni ham “boshdan kechirish” imkonini beradi. Ayniqsa, yolg‘izlikni his qiluvchi, ruhiy charchoqdagi yoki o‘z shaxsiy hayotidan qoniqmagan ayollar seriallarda o‘ziga yaqin syujyetlarni topishi mumkin.
Psixologlar bu holatni quyidagicha izohlashadi:
“Serial bu — real hayotdagi murakkabliklardan vaqtincha uzilish va tasavvurlar orqali ruhiy yukni yengillashtirish usuli. Lekin bu vaqtinchalik yengillik. Agar inson to‘liq ekrandagi voqelik bilan yashay boshlasa, bu hayotdagi aniq qadamlarni kechiktiradi”.
Psixologlarga ko‘ra, kundalik ravishda serial ko‘radigan ayollar ko‘pincha real hayotdagi muammolarga nisbatan yopiqroq bo‘ladi. Ular vaqt o‘tishi bilan shaxsiy munosabatlarda ortiqcha talabchanlikka yoki ideallashtirishga moyil bo‘lib qolishadi. Bu esa turmushdagi qarama-qarshiliklarni qabul qila olmaslik, hayotdagi “kamchiliklar”ga toqatsizlik kabi holatlarga olib kelishi mumkin.
Psixolog, psixoterapevt Zebuniso Ahmedovaga ko‘ra, inson ko‘rayotgan serial uning ongiga joylashadi:
“Namoyish etilayotgan seriallar bir insonning ongostiga joylanayotgan psixologik dasturlardir. Buni psixologiya tilida “neyrolingvistik dasturlash metodi” deymiz. Agar bir inson hayoti davomida nafratlanadigan obrazni ko‘rmagan bo‘lsa, bunday toifadagi odam bilan uchrashmagan bo‘lsa, u serial orqali shu obraz bilan tanishadi. Keyin bu ham inson, xavfli vaziyatlarda nima qilishni bilmadi, adashdi, deb inson shu obrazga hamdard bo‘lib qoladi. Bu tanishuvdan keyin do‘stlashuv paydo bo‘ladi, undan keyin hamdardlik yuzaga keladi. So‘ng inson o‘zi shunaqa voqea-hodisaga duchor bo‘lganida, hamdard bo‘lgan insonining xatti-harakatini takrorlash holati paydo bo‘lishi mumkin”.
Balansni topish muhim
Mutaxassislar seriallarni butunlay inkor etish yoki ta’qiqlash tarafdori emas. Ular asosiy masala — ekran oldida o‘tkazilgan vaqt va real hayot o‘rtasidagi muvozanatni saqlashda, deb hisoblashadi. Agar serial ko‘rish faqat dam olish, ilhom olish yoki shaxsiy his-tuyg‘ularni tahlil qilish uchun xizmat qilayotgan bo‘lsa — bu odatni zararli deb bo‘lmaydi.
Biroq agar serial hayotning o‘rnini bosib, kunlik vazifalarga ta’sir ko‘rsata boshlasa — buning ortida chuqurroq sabablar yotishini inkor etib bo‘lmaydi. Bunday paytda psixolog bilan suhbat yoki shaxsiy rejalarni qayta ko‘rib chiqish foydali bo‘lishi mumkin.
Seriallar zamonaviy ayol uchun nafaqat xo‘jalik ishlaridan so‘nggi dam olish vositasi, balki hissiy quvvat manbai sifatida ham xizmat qilmoqda. Ammo bu vosita hayotning o‘rnini bosib qo‘ymasligi kerak. Balans saqlansa, har qanday ekran ortidagi hayot real orzularga yo‘l ochishi mumkin. Shuning uchun serial tanlashda e’tiborli bo‘lish va sarflanadigan vaqt me’yorini bilish o‘ta muhim.
Bu masalada Kun.uz qisqa so‘rovnoma o‘tkazdi va unda ishtirokchilar serial ko‘rishga bir kunda 1 soatdan 4 soatgacha vaqt sarflashlarini aytishdi. Ular orasida o‘zbek seriallarini tanqid qilganlar ham uchradi. Hayoti qaysi davlat seriallariga o‘xshashini istashlariga ham turlicha javoblar bo‘ldi.
Mavzuga oid
15:18 / 04.12.2025
Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashning yangi moliyaviy instrumentlari joriy etiladi
16:06 / 29.11.2025
Neyronlar olamidagi sirlar: ayollar va erkaklar miyasi o‘rtasidagi farqlar haqida
17:50 / 21.11.2025
Go‘zallik yo‘lida qurbonlik: baland poshna aslida qanchalik xavfli?
11:49 / 17.11.2025