Jahon | 15:28 / 17.09.2025
2562
2 daqiqa o‘qiladi

Aleksandr Lukashenko 25 kishini afv etdi

Belarus davlat matbuoti 25 mahbus, jumladan ekstremizm uchun hukm qilinganlar afv etilgani haqida xabar bermoqda. Ozod qilinganlarning ism-shariflari ko‘rsatilmagan, ularning deportatsiya qilingani haqida ham ma’lumot yo‘q.

Foto: Belarus Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko 25 kishini, jumladan ekstremizmda ayblanganlarni afv etdi. U tegishli qarorni 16 sentabr, seshanba kuni Milliy birdamlik kuni arafasida imzoladi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

BelTA davlat axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, afv etilganlar orasida 12 nafar ayol va 13 nafar erkak bor. Ayni paytda afv etilganlarning 19 nafari 40 yoshdan kichik bo‘lib, ularning ko‘pchiligining farzandlari bor. Ayollardan biri ko‘p farzandli ona. «Ularning barchasi o‘z ayblariga iqror bo‘ldi va qilmishlaridan pushaymon bo‘ldi va qonunga bo‘ysunuvchi hayot kechirishga va’da berdi», deb yozadi BelTA.

«Vesna» inson huquqlari markaziga ko‘ra, afv etilganlar orasida siyosiy mahbuslar ham bor. Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, ozod etilganlarning deportatsiya qilinishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Afv etilganlarning ismlari oshkor qilinmayapti.

Bir necha kun avval, 11 sentabr kuni Belarus hukumati AQSh prezidenti Donald Trampning yordamchisi o‘rinbosari Jon Koul boshchiligidagi delegatsiya bilan kelishuvlar doirasida 52 nafar siyosiy mahbusni ozod qilgan edi. Ularning aksariyati Belarusni tark etdi. Belarus muxolifatining uzoq yillik yetakchilaridan biri, 2010 yilda Belarus prezidentligiga nomzod bo‘lgan Nikolay Statkevich mamlakatni tark etishdan bosh tortdi. OAV xabarlariga ko‘ra, uni koloniyaga qaytarib olib ketishgan.

Mavzuga oid