Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oroldan keyin Kaspiy dengizi ham quriyapti. Bunga nimalar ta’sir qilyapti?
Dunyoning eng yirik ichki suv havzasi – Kaspiy dengizi ham yildan yilga sayozlashib boryapti. Xususan, joriy yilda suv sathi butun kuzatuvlar davridagi eng past darajaga tushdi. Dengiz mintaqa iqlimini tartibga solishga yordam beradi va Markaziy Osiyoni ham yog‘ingarchilik va namlik bilan ta’minlab turadi. Xo‘sh, Kaspiy nima uchun qurib boryapti?
Orol bilan bog‘liq ekologik katastrofani o‘z tanamizda yaxshigina his qilib turibmiz. Dengizning qurigan qatlamidan kelib chiqqan chang va tuzli bo‘ronlar sug‘oriladigan yerlarga ham, aholi sog‘lig‘iga ham jiddiy ta’sir qilyapti. Markaziy Osiyo xalqlari yaqin kelajakda yana bir muammo bilan yuzlashishi mumkin.
Dunyoning eng yirik ichki suv havzasi – Kaspiy dengizi ham yildan yilga sayozlashib boryapti. Xususan, joriy yil iyul oyi oxirida suv sathi butun kuzatuvlar davridagi eng past darajaga tushgan. Kaspiy baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, suv sathi Baltika balandliklar tizimi bo‘yicha 29 metrga pasaygan. Bu holat 1990 yillar o‘rtasidan beri davom etayotgan barqaror tushish jarayonining kulminatsiyasi bo‘ldi. Mutaxassislar taxminiga ko‘ra, asr oxiriga borib suv sathi yana 9–18 metrga kamayishi mumkin, bu esa dengiz maydonini qariyb chorak qismga qisqartiradi. Xo‘sh, Kaspiy dengizi nima uchun qurib boryapti va uning ta’siri qanday bo‘ladi?
Kaspiy dengizining ahamiyati
Kaspiy dengizi – sayyoradagi eng katta ko‘l hisoblanib, yirik havzasi sabab dengiz deb ataladi. Uning maydoni qariyb 371 ming kvadrat kilometr. Bu – Germaniya hududidan kattaroq. Dengiz suvi beshta davlat – Qozog‘iston, Eron, Ozarboyjon, Rossiya va Turkmaniston yerlarini yuvib turadi. Ushbu mamlakatlardagi baliqchilik, dehqonchilik, turizm va ichimlik suv, shuningdek, neft va gaz zaxiralari bevosita Kaspiy bilan chambarchas bog‘liq. Bundan tashqari, dengiz ushbu qurg‘oqchil mintaqa iqlimini tartibga solishga yordam beradi va Markaziy Osiyoni ham yog‘ingarchilik va namlik bilan ta’minlab turadi.

Boy biologik xilma-xilligi bilan mashhur Kaspiy dengizida qariyb 850 turdagi hayvon turlari bor, 500 turdagi o‘simliklar o‘sadi. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, dengizda 48 milliard barrel neft va 292 trillion kub metr tabiiy gaz zaxiralari mavjud.
Bugun Kaspiy bo‘yida joylashgan besh davlat juda ko‘p yuklarini dengiz orqali tashimoqda. Agar dengiz sathi pasayib boraversa, Kaspiy orqali yuk tashish hajmi ham keskin kamayadi. Bu esa qirg‘oqbo‘yi davlatlar iqtisodiyotiga sezilarli ravishda aks ta’sir qiladi.
Kaspiy nega quriyapti?
Kaspiy dengizida suv sathining kamayishi XX asr boshlarida boshlangan. 1930–1941 yillarda har yili o‘rtacha 14,7 smga qisqarish kuzatilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 1941–1978 yillar oralig‘ida yiliga 3 sm atrofida bo‘lgan. Keyinchalik prognozlarga zid ravishda 1978–1995 yillarda suv sathi ko‘tarila boshlagan va yiliga o‘rtacha 15 smdan oshib borgan. Ammo bu tendensiya uzoqqa cho‘zilmadi — 1995 yildan boshlab yana suvning pasayishi boshlandi. Bunga bir qator omillar sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.
Birinchidan, yildan yilga iqlim o‘zgarishi va uning ta’siri kuchayib boryapti. Kaspiy dengiziga 100 dan oshiq turli daryo va soylar suvi quyiladi va ularning oltitasi yirikroq hisoblanadi. Bular – Volga, Ural, Terek, Kura, Sulak, Samur. Yog‘ingarchiliklar kam bo‘lishi tufayli baland tog‘lardagi muzliklar erib boryapti. Oqibatda daryolar sathi pasayib, Kaspiyga tushadigan suv miqdori ham qisqargan. Masalan, so‘nggi to‘rt yilda Volga daryosidagi yillik oqim 210–232 km kub atrofida bo‘lib, bu ko‘rsatkich ko‘p yillik o‘rtacha 250 km kub darajasidan ancha kam. Volga Kaspiyga oqadigan barcha daryo suvining 80 foizini ta’minlaydi. Bu suv sathining tushishida asosiy omil bo‘lyapti.
Ikkinchidan, daryolardan suvni qishloq xo‘jaligi, sanoat va kommunal ehtiyojlar uchun faol ravishda olish ham umumiy suv balansiga salbiy ta’sir qilyapti. Xususan, daryolar to‘silib, ularga gidroelektr stansiyalar, suv omborlari qurilishi ko‘paygan. Shuningdek, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarboyjon va Eron tomonidan suvni sho‘rsizlantirish ishlari jadallashgan. Ushbu davlatlar ichki suv tanqisligi sabab dengiz suvini chuchuklashtirishga tayanadi. Nisbatan arzonligi bois katta hajmda suv olishdan manfaatdor. Sho‘rsizlantirilgan suv nafaqat ichimlik va qishloq xo‘jaligi ehtiyojlariga, balki “yashil vodorod” ishlab chiqarishga ham ishlatilyapti. Bunda bir megavatt energiya olish uchun besh tonna sho‘rsizlantirilgan suv kerak.
Uchinchidan, Kaspiydagi ulkan resurslar va qirg‘oqbo‘yi davlatlardagi keng ko‘lamli qazib olish ishlari natijasida dengizdagi ifloslanish darajasi ham oshib boryapti. Uglevodorod qazib olish Kaspiy sathining pasayishini 3 yo‘l bilan tezlashtiradi: qazib olish jarayonida issiqxona gazlari ajralib chiqib, yog‘ingarchilikni kamaytiradi va qurishga olib keladi, yer eroziyasini kuchaytirib, suv miqdorini pasaytiradi hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri suvni ifloslantiradi. Ammo katta daromadlar fonida Kaspiy bo‘yidagi davlatlar ekologik muammolarni hal qilishga shoshilmayapti.
To‘rtinchidan, yuk tashish hajmining keskin oshishi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng, Transkaspiy yo‘lagining ahamiyati keskin ortdi, chunki u Rossiya hududidan o‘tadigan Shimoliy koridorga alternativ hisoblanadi. Xitoy mahsulotlari temiryo‘l orqali Aqtauga olib kelinadi, u yerdan kemalarga yuklanib, Bokuga yuboriladi, keyin esa Gruziya yoki Turkiya orqali Yevropaga jo‘natiladi. Jahon banki hisob-kitobiga ko‘ra, 2030 yilga borib O‘rta koridorda yuk tashish hajmi 11 mln tonnaga yetadi, shundan 4 mln tonnasi Kaspiy dengizi orqali o‘tkaziladi. Bu esa karbonat angidrid chiqindilarini yanada ko‘paytirib, suvning bug‘lanish tezligini kuchaytiradi.
Suv resurslarini boshqarishdagi muammolar
Kaspiy dengizidagi suv sathining pasayishi XX asr boshlaridan beri kuzatilib kelayotgan bo‘lsa-da, ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan birinchi qo‘shma choralar faqat 2003 yilda qabul qilingan. O‘sha yili beshta qirg‘oqbo‘yi davlati ilk bor kelishuvga erishib, Kaspiy dengizini muhofaza qilish bo‘yicha alohida hujjat imzolaydi. Ammo bu kutilgan natijani bermaydi. Faqatgina 2018 yilga kelib Kaspiy dengizining huquqiy maqomi to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilindi.
Konvensiya orqali Kaspiy akvatoriyasi ichki suvlar, hududiy suvlar, baliqchilik zonalari va umumiy suv maydoniga ajratildi. Ammo bu kelishuv ham hali to‘liq kuchga kirmagan. Konvensiya umumiy tamoyillarni belgilaydi, lekin dengiz tubi bo‘yicha har bir davlat o‘rtasida maxsus ikki tomonlama bitimlar kerak bo‘ladi. Bitimlar hali ham to‘liq rasmiylashtirilmagan. Bunda turli xil geosiyosiy va iqtisodiy manfaatlar yotadi. Masalan, Rossiya va Eron Transkaspiy quvuri qurilishidan manfaatdor emas. Chunki o‘rta koridor ularning tranzit monopoliyasini zaiflashtiradi. Bundan tashqari, Rossiya iqtisodiy manfaatlari sababli Volga daryosi oqimini tartibga solishni istamaydi. Natijada Kaspiy dengiziga quyiladigan daryolar oqimi aniq standart bo‘yicha boshqarilmaydigan holatda qolyapti.
Prognozlar qanday?
Bremen universiteti olimlariga ko‘ra, agar global isish hozirgi sur’atlarda davom etsa, asr oxiriga borib Kaspiy dengizi sathi qariyb 8 metrga pasayishi mumkin. Harorat yanada tezroq oshsa, suv sathi 20 metrgacha qisqarishi prognoz qilinyapti. Bu holatda dengizning ancha sayoz bo‘lgan shimoliy va shimoliy-sharqiy qismida juda katta hudud ochilib qoladi va cho‘lga aylanishi mumkin. Oqibatda dengizning qurigan tubidagi qumlar nafaqat Markaziy Osiyo uchun, balki Eron va Kavkaz ekologiyasi uchun katta xavfga aylanadi.
Arktikadan kelayotgan havo oqimlarining bir qismi Kaspiy ustidan o‘tishi va shakllanadigan shamol oqimlari asosan shimoldan janubga va g‘arbdan sharqqa esishi inobatga olinsa, dengiz o‘rnida paydo bo‘lgan cho‘ldan ko‘tarilgan qum bo‘ronlari asosan Eron va Markaziy Osiyo tomon harakatlanadi. Bu esa mintaqadagi shundoq ham yomon egologik vaziyatni yanada izdan chiqarishi mumkin.
Doston Ahrorov tayyorladi.
Mavzuga oid
22:56 / 24.11.2025
Olimlar Kaspiy dengizi ikkiga ajralishi mumkinligidan ogohlantirdi
10:49 / 19.11.2025
Iqlim reytingida yirik sanoat davlatlarining pozitsiyasi pasaymoqda
10:34 / 19.11.2025
Ukraina RFdan 43 mlrd dollar miqdorida "iqlim reparatsiyasi" talab qilmoqda
18:25 / 14.11.2025