22-24 aprel kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Mintaqaviy ekologik sammit bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyo yetakchilari suv tanqisligi va ekologik masalalarga doir tashabbuslarni ilgari surdi.

«Markaziy Osiyoda harorat ikki barobar tezroq ko‘tarilyapti»

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida bugungi kunda ekologik muammolarni global iqlim o‘zgarishlaridan ayri holda ko‘rib chiqib bo‘lmasligini qayd etdi.

«Global isish sur’atlarining tezlashishi davom etmoqda, Markaziy Osiyo mintaqasida esa harorat ikki barobar tezroq ko‘tarilmoqda. Mintaqa muzliklarining qariyb uchdan bir qismi yo‘qoldi, yog‘ingarchilik tartibining beqarorligi kuzatilmoqda, suv resurslari tanqisligi ortib bormoqda. Yer maydonlarining 80 million gektari allaqachon degradatsiyaga uchradi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari ekologik muammolarni yumshatish uchun O‘zbekiston qilayotgan ishlarni sanadi.

«Yashil makon» loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekildi. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilib, yangi «yashil belbog‘»lar yaratilmoqda. Bizning tashabbusimiz bilan BMT Bosh Assambleyasining «O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi» rezolyutsiyasi qabul qilindi», – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Bundan tashqari, suvni tejash borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida yiliga 10 milliard kub metr suv iqtisod qilinmoqda. Mamlakatimizning generatsiya quvvatlarida «yashil» energetika ulushi allaqachon 30 foizga yetdi, 2030 yilning oxiriga borib esa 50 foizdan oshadi.

Shavkat Mirziyoyev mintaqadagi iqlim va ekologiya muammolarini hal qilish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi:

  • atmosfera havosining sifati yomonlashayotgan sharoitda «Markaziy Osiyoning toza havosi» davlatlararo konsorsiumini ta’sis etish;
  • cho‘llanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilikning oldini olish hamda qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berish;
  • texnologik o‘tish jarayonlarini tezlashtirish uchun imtiyozli bojxona tartiblari va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni o‘zaro tan olishni nazarda tutuvchi «Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi»ni shakllantirish;