Jahon | 18:15 / 18.09.2025
6898
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrain dronlari «Gazprom» va «Lukoyl» zavodlariga hujum qildi

Foto: Exilenova+

Boshqirdiston rasmiylari 18 sentabr kuni ertalab dronlar hujumidan so‘ng «Gazprom neftexim Salavat» korxonasida yong‘in boshlanganini ma’lum qildi – bu Rossiyaning eng yirik neft-kimyo majmualaridan biri hisoblanib, 2024 yil may oyida ham dronlar hujumiga yo‘liqqandi.

Respublika rahbari Radiy Xabirov bu safargi hujumni «terroristik» zarba deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarba oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar yo‘q. Korxona qo‘riqchilari dronlarni mustaqil ravishda urib tushirishga harakat qilgan – aynan qanday chora qo‘llanganiga aniqlik kiritilmagan. Xabirov tafsilotlarni «biroz keyinroq«» ma’lum qilishga va’da bergan.

Ukrainaning Exilenova+ telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, Salavatdagi korxonada neftni birlamchi qayta ishlash qurilmasi shikastlangan. Kanal shaharda olingan bir nechta foto va videolarni e’lon qildi. «RBK-Ukraina» nashrining Ukraina xavfsizlik xizmatlaridagi manbasi Boshqirdistondagi neft-kimyo zavodiga o‘z dronlari hujum qilganini tasdiqlagan.

O‘z navbatida, Ukraina qurolli kuchlarining maxsus operatsiyalar kuchlari 18 sentabrga o‘tar kechasi Volgograd neftni qayta ishlash zavodiga zarba bergani haqida xabar qildi. Ukraina nashrlari ta’kidlashicha, gap avgust oyida ikki marta (1,2) hujum obektiga aylangan «Lukoyl» neftni qayta ishlash zavodi haqida ketmoqda. «Volgograd neftni qayta ishlash zavodi dushman qurolli kuchlarining ehtiyojlarini ta’minlashga safarbar etilgan», – deyiladi xabarda.

Volgograd oblasti gubernatori Andrey Bocharov regionga dronlarning «yopirilma hujumi» haqida xabar bergan, ammo neftni qayta ishlash zavodiga hujumni tilga olmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlar parchalari Volgograd shahrining Krasnoarmeysk rayoni hududiga tushib, ikkita xususiy uyning derazalari va tomlarini shikastlagan. Jabrlanganlar yo‘q. RF mudofaa vazirligi o‘z hisobotida tunda Volgograd oblasti uzra ukrainlarning 11 ta droni urib tushirilgani haqida xabar bergan.

Ukraina qurolli kuchlari so‘nggi oylarda muntazam ravishda Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarini nishonga olmoqda. Zarbalar tufayli neftni qayta ishlash zavodlari qisman yoki to‘liq to‘xtab qoladi. Bu esa benzin narxi oshishiga olib keladi.

Mavzuga oid