Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Krossvord va aqliy o‘yinlar demensiyaning oldini olishi mumkinmi?
Demensiya bu – xotiraning qisman yo‘qolishi va aqliy qobiliyatning pasayishiga olib keladigan kasallik. Olimlarning fikricha, krossvord yechish, kitob yoki gazeta o‘qish, boshqa til o‘rganish kabi oddiy mashg‘ulotlar ham kognitiv zaiflashuvga qarshi foydali hisoblanadi. O‘z navbatida, turli onlayn platformalardagi aqliy o‘yinlarning inson miyasiga ta’siri bo‘yicha fikrlar bo‘lingan.
Foto: Unsplash
Mantiqan o‘ylab qarasak, sport zalida mushaklaringizga ishlasangiz, ular mustahkamlanadi va zaiflashishdan saqlanadi. Xuddi shunday aqliy mashqlar ham inson miyasining ish faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadimi? Aynan shu g‘oya oxirgi yigirma yil ichida ko‘plab miya mashqlarini taklif qiluvchi platformalar va ilovalarning paydo bo‘lishiga, shuningdek, son-sanoqsiz sudoku, krossvord va mantiqiy boshqotirma kitoblarining ommaviylashishiga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, ko‘plab olimlar ham kognitiv mashqlar odamni aqlliroq qilishi va hatto demensiya xavfini kamaytirishi mumkinligini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar boshladi.
New York Times’ning yozishicha, bir qarashda oddiydek ko‘ringan g‘oya aslida ancha murakkab bo‘lib chiqqan. Bunda “miya mashqlari foydalimi?” degan savolga javob qaysi mashq turi bajarilayotgani va qanday foyda kutilayotganiga bog‘liq.
“Psixologlar kognitiv qobiliyatni yaxshilash mumkinmi, degan mazmunda o‘rganish olib borganlarida, odatda tafakkurning muayyan jihatini kuchaytirish uchun yaratilgan kompyuter o‘yinlaridan foydalanishadi. Ba’zi o‘yinlar odamga mahoratni oshirish yoki alohida belgilarni tanish strategiyalarini o‘rgatadi. Boshqalari esa asta-sekin tezlik va xatarlarni oshirib, miyani qiyinchilikka duchor qiladi”, deydi Klenson universiteti professori Lesli Ross.
Ayrim tadqiqot natijalariga ko‘ra, aqliy o‘yinlar o‘ynash odamlarning kognitiv qobiliyatlarini yaxshilashi mumkin. Bunda nafaqat mashq qilinayotgan vazifada, balki unga yaqin boshqa ishlarda ham bu samara beradi. Kanadaning G‘arbiy Ontario universiteti professori Adrian Ouenning ta’kidlashicha, bu «ajablanarli emas». Masalan, kimdir telefon raqamlarini yodlashni mashq qilsa, sanalarni eslab qolishi ham yaxshilanadi. Ammo bitta o‘yinni o‘ynash odamni umumiy fonda aqlliroq qilishi yoki butunlay boshqa vazifada muvaffaqiyatli bo‘lishiga yordam berishi bo‘yicha yetarli dalillar yo‘q.
“Siz skripka chalishni o‘rganishni istasaysiz. Mashq qilsangiz, skripkani yaxshiroq chala boshlaysiz. Ammo skripkani chalishni o‘rgansangiz, boshqa instrumentlarni ham yaxshi chalib ketasizmi? Javob aniq — yo‘q”, deydi Ouen.
Bir qator miya mashqlariga doir o‘yinlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘yinlar kognitiv zaiflashuvni ham kechiktiradi, deb da’vo qilishadi, lekin bu boradagi tadqiqotlar juda kam. Shunday tadqiqotlarning biriga ko‘ra, sog‘lom keksa odamlarga qayta ishlash tezligini yaxshilashga mo‘ljallangan o‘yin berilgan. 10 yil o‘tib, bu odamlarda demensiya rivojlanish xavfi 29 foizga past bo‘lgan. Ikki xil boshqa o‘yin (xotira va muammo yechish mashqi) ham xavfni kamaytirgan, lekin natija o‘yin o‘ynamaganlarga qaraganda sezilarli darajada yaxshi bo‘lmagan. Mutaxassislar ushbu tadqiqotlarga tayanib, aqliy o‘yinlarda miya faoliyatini yaxshilash istiqboli borligini aytishadi, ammo buni isbotlash uchun qo‘shimcha klinik sinovlar talab etiladi.
Miyani oddiy mashg‘ulotlar bilan “himoya qilish”
Krossvord yechish, stol tennisiga o‘xshash o‘yinlar o‘ynash, kitob yoki gazeta o‘qish, boshqa til o‘rganish kabi oddiy mashg‘ulotlar ham kognitiv zaiflashuvga qarshi foydali bo‘lishi mumkin.
Ba’zi tadqiqotlar odam qanchalik ko‘p “aqliy mashqlar” qilsa, shunchalik demensiyaga chalinish xavfi kamayishini yoki tashxis qo‘yilish vaqti kechikishini ko‘rsatgan. Masalan, bitta tadqiqotda demensiya rivojlangan odamlar ichida muntazam krossvord yechganlarning xotira pasayishi ikki yilga kechikkan.
“Biror ish aqlni ishlatishga majbur qilsa, bu odatda miya uchun foydali”, deydi doktor Ros. Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday tadqiqotlar randomizatsiyalangan klinik sinovlar emas, ya’ni aniq sabab-oqibatni isbotlovchi eng ishonchli uslubda amalga oshirilmagan.
“Kognitiv zaxira” nazariyasi
Nima uchun aqliy o‘yinlar yoki krossvordlar miyaga yordam berishi mumkin, deb so‘ralganda, mutaxassislar “kognitiv zaxira” nazariyasini eslatishadi. Mazkur nazariyaga ko‘ra, inson qanchalik ko‘p “aqliy mushak” to‘plagan bo‘lsa, demensiyaga shunchalik chidamli bo‘ladi, deydi Stoni Bruk universiteti neyrologiya kafedrasi rahbari doktor Jo Verges.
“Bu mashg‘ulotlar demensiyani keltirib chiqaradigan miya shikastlanishini to‘xtatmaydi. Ammo kimdadir Alsgeymer kasalligi rivojlansa, kognitiv zaxira belgilarini yashirishi va ularning paydo bo‘lishini bir necha yilga kechiktirishi mumkin”, deydi Verges.
Bu nazariyani ko‘proq o‘qigan odamlarda demensiya xavfi pastroq bo‘lishini ko‘rsatgan tadqiqotlar qo‘llab-quvvatlaydi, deydi Nyu Yorkdagi Maunt Saynay tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari doktor Samuel Gendi. Shunga o‘xshash natijalar aqliy jihatdan qiyin kasblarda ishlagan odamlar bilan ham kuzatilgan.
Ammo kognitiv zaxirani bevosita o‘lchashning iloji yo‘q, deydi doktor Ouen. Shu sababli, miya mashqlari uni kuchaytiradi yoki yo‘q, aniq aytish qiyin.
Mutaxassislarning xulosa qilishicha, jismoniy mashqlar yoki ijtimoiy faol bo‘lishning foydaliligi kabi aqliy mashg‘ulotlar ham kognitiv pasayishga qarshi foyda berishi mumkin va buning salbiy tomoni yo‘q. Lekin maxsus yaratilgan miya mashqi o‘yinlariga kelganda, ularning fikri bo‘lingan. Ayrimlar buni tizimli “aqliy mashg‘ulot” sifatida baholab, pul to‘lashga arziydi, deb hisoblashadi. Boshqalar esa bu da’volar ilmiy jihatdan isbotlanmaganini aytib, odamlarga pulini tejashni maslahat berishadi. Doktor Gendi turli platformalar haqidagi aqliy o‘yinlarga nisbatan quyidagicha fikr bildirgan: “Zarari bo‘lmaydi, lekin foyda berishiga ham kafolat yo‘q”.
Mavzuga oid
20:08 / 25.09.2025
Har qanday miqdordagi alkogol demensiya xavfini oshirishi aniqlandi – yangi tadqiqot
21:18 / 04.02.2025
So‘nggi 8 yil ichida inson miyasidagi mikroplastik zarrachalar 50 foizga oshdi - tadqiqot
11:09 / 25.10.2020
Sovuq suvda cho‘milish demensiyaning oldini olishi mumkinmi?
20:58 / 03.02.2018