Biznes | 15:35 / 19.09.2025
6410
2 daqiqa o‘qiladi

Misrlik milliarder Jizzaxda shakar ishlab chiqarishi mumkin

O‘zbekiston elchisi Mansur Qilichev Misrning Orascom Investment Holding kompaniyasi rahbari Nagib Saviris bilan uchrashdi.

Foto: Dunyo

Suhbat avvalida Nagib Saviris O‘zbekistonda mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlarni qo‘llab quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Muloqot chog‘ida misrlik investor tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirayotgan loyihalar haqida fikr almashildi. Misrlik tadbirkorning aytishicha, hozirda unga tegishli Nile Sugar kompaniyasi tomonidan Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish majmuasini barpo etish hamda In2Metals kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyatida olib borilayotgan geologik ishlar amalga oshirilmoqda.

Tomonlar Orascom Investment Holding'ning O‘zbekistondagi loyihalarini jadallashtirish va yangi investitsiyaviy dasturlarni birgalikda o‘rganishga kelishib oldi.

Nagib Saviris – misrlik yirik tadbirkor va Yaqin Sharqdagi telekommunikatsiya hamda investitsiya sohalarining eng nufuzli shaxslaridan biridir. U Orascom konglomeratiga egalik qiluvchi nufuzli Savirislar oilasining yetakchi a’zosi sanaladi. Uning Orascom Telecom Holding kompaniyasi 2021 yilgacha Euronews telekanalining asosiy ulushiga egalik qilgan. Nagib Saviris tog‘-kon sanoati, OAV va turizm sohalariga ham sarmoya kiritishi bilan tanilgan. Biznesdan tashqari, u xayriya faoliyati bilan faol shug‘ullanadi.

 

Mavzuga oid