Texnologiya | 13:33 / 22.09.2025
3139
3 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy intellekt ishchilarni yanada band qiladi

Sun’iy intellektning jadal rivojlanishi ba’zan kelajakning qizg‘in tasvirini aks ettiradi: muntazam ishlar tizimlarga topshiriladi, odamlar esa asosiy muammolarni hal qilishga e’tibor qaratadi. Biroq, ba’zi ekspertlarning fikricha, ishchilar aslida yanada bandroq bo‘ladi.

Foto: Shutterstock

ITPro ma’lumotlariga ko‘ra, Nvidia bosh direktori Jyensen Xuang sun’iy intellekt va texnologiya rivojlanishi bilan odamlarda ish yanada ko‘payishidan xavotirda. Uning tushuntirishicha, avvallari uzoq davom etgan ko‘plab vazifalar endi tezroq bajariladi. Va unumdorlikning oshishi bilan yangi g‘oyalarni amalga oshirish uchun ko‘proq imkoniyat paydo bo‘ladi.

Nashrning fikricha, Xuangning bayonoti tashvishli haqiqatga ishora qiladi: sun’iy intellekt korporativ muhitda yanada katta ish yukiga olib keladi.

Sun’iy intellekt sohasi yetakchilari sun’iy intellekt odamlarga ishning «qiziqroq» jihatlariga e’tibor qaratish imkonini beradi, demoqda, biroq ular amalda bu nimani anglatishini hech tushuntirib bermadi. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, SI vositalari odatiy vazifalarni yengillashtiradi va xodimlarning ish yukini kamaytiradi. Biroq, aslida, ishchilarga yangi vazifalar qo‘yiladi, ularning ish hajmi oshadi.

Xuangning fikricha, iqtisodiyot o‘sadi va natijadorlik oshadi. Shu bilan birga, ishchilar ko‘proq ish qilishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, u kelajakda odamlar to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tishi mumkinligiga umid bildirdi. Uning tushuntirishicha, dunyoda bir vaqtlar yetti kunlik ish haftasi bo‘lgan, keyinchalik u besh kunlik ish haftasiga o‘tib ketgan. Xuangning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt so‘nggi o‘n yilliklarda keskin o‘zgargan mehnat amaliyotlari evolyutsiyasining yangi katalizatoriga aylanishi mumkin.

ITPro ta’kidlashicha, to‘rt kunlik ish haftasi bilan yanada samarali kelajak orzulari o‘ta optimistik ko‘rinadi. Texnologik kompaniyalar sog‘lom mehnat sharoitlari uchun kurashishga o‘rganmagan. Pandemiyadan so‘ng ular ishchilardan ofisga qaytishni talab qildi, garchi ko‘pchilik gibrid formatni qo‘llab-quvvatlasa ham.

Agar sun’iy intellekt ishchilar vaqtining bir qismini bo‘sh qilsa, ehtimol bu ish haftasini qisqartirmaydi. Aksincha, bu faqat xodimlarning qisqarishiga va ish yukining oshishiga olib kelishi mumkin. Agar o‘n kishi qo‘shimcha vaqtga ega bo‘lsa, kompaniyalar faqat besh nafarini saqlab qolishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid