Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kopenhagen va Oslo aeroportlari dronlar tufayli yopildi
Daniya poytaxti Kopenhagenda joylashgan Shimoliy Yevropadagi eng yirik «Kastrup» aeroporti dushanba kuni kechqurun aerodrom hududidagi noma’lum dronlar tufayli barcha parvozlarni bir necha soatga to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
Foto: AFP via Getty Images
Aeroport ustidagi havo hududi mahalliy vaqt bilan soat 20:30 atrofida yopilgan. Kopenhagen politsiyasi ta’kidlashicha, ikki yoki uchta yirik dron parvozi qayd etilgan.
«Hech bir samolyot havoga ko‘tarila olmaydi va qo‘na olmaydi», – dedi aeroport matbuot kotibi Liz Agerli Kurshteyn. Uning so‘zlariga ko‘ra, 15 ga yaqin reys boshqa aeroportlarga yo‘naltirilgan.
Shahar politsiyasi navbatchi ofitseri Annette Ostenfeldt AFP agentligiga bergan izohida rasmiylar tergov olib borayotganini ma’lum qilgan. Dronlar harbiy yoki fuqarolik dronlari bo‘lgani hozircha ma’lum emas.
«Ammo ular xususiy shaxs sotib olishi mumkin bo‘lgan dronlardan kattaroq ekani aniq», – deya qo‘shimcha qildi u.
Taxminan to‘rt soatdan so‘ng, seshanbaga o‘tar kechasi parvozlar qayta tiklandi. Flightradar24 xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yopilish davrida jami 50 ga yaqin reys zaxira aerodromlarga yo‘naltirilgan.
«Kopenhagen aeroporti dronlar parvozi tufayli yopilganidan keyin o‘z ishini davom ettirmoqda. Biroq reyslar kechikishi va bekor qilinishi holatlari bo‘ladi. Yo‘lovchilarga o‘z aviakompaniyalari ma’lumotlarini kuzatib borish tavsiya etiladi», – deyiladi aeroportning X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida.
Norvegiya poytaxti Oslodagi «Gardermuen» aeroporti ustida ham bitta noma’lum dronni payqashgan, shu sababli havo hududini yopishga to‘g‘ri kelgan.
Aeroport vakillarining mahalliy OAVga ma’lum qilishicha, yopilish 12-14 reysga ta’sir qilgan. Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, ularning bir qismi, xususan, Antalya, Malaga va Manchesterdan uchgan reyslar Osloga eng yaqin Bergen aeroportiga yo‘naltirilgan.
Soat 3:38 da poytaxt aeroporti kommunikatsiyalar bo‘limi rahbari Monika Fasting VG (Verdens Gang) nashriga havo hududi yana ochilgani va seshanba kuni ertalabdan parvozlar odatdagidek amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Avvalroq, dushanba kuni Oslo markazida dronlar uchirilishi holati bo‘yicha ikki kishi qo‘lga olingan edi.
Daniya politsiyasi esa Norvegiya rasmiylari bilan ikki davlat havo hududidagi hodisalar o‘rtasida bog‘liqlik bor-yo‘qligini aniqlash uchun hamkorlik qilishini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
13:48
Gomeldagi idish-tovoq zavodi RF uchun harbiy dronlar yetkazib beryapti
14:48 / 29.11.2025
Oktyabrda Germaniya harbiy bazalari uzra rekord darajada dronlar qayd etildi
11:55 / 29.11.2025
Rossiya janubidagi yirik NQZda dron zarbasidan keyin yong‘in boshlandi
10:10 / 24.11.2025