Iqtisodiyot | 20:46 / 23.09.2025
6700
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2026 yil mart oyida JST a’zosi bo‘lishi mumkin

Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala xonim bu yo‘nalishda juda qat’iyat bilan harakat qilinayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston 2026 yil mart oyida Jahon savdo tashkiloti (JST) a’zosi bo‘lishi mumkin. Bu haqda JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala xonim «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Noyabr oyida JST ishchi guruhi yig‘ilishi belgilangan. Umid qilamizki, mart oyiga belgilangan muddatga qadar barcha ishlar yakunlanadi va O‘zbekistonning JST a’zosi bo‘lganini tantanali ravishda e’lon qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Biz bu yo‘nalishda juda qat’iyat bilan harakat qilyapmiz», dedi u.

22 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan Nyu-Yorkda uchrashdi. Muloqot davomida shu yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi natijadorligini ta’minlash, shuningdek, 2026 yilda muzokaralar yakunlanishi va O‘zbekiston tashkilotga qo‘shilishi muhim ekani ta’kidlangan edi.

19 sentabr kuni prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek O‘runov tashkilotga a’zolik bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning umumiy soni 29 taga yetgani, yana 3 ta davlat bilan protokollar imzolanishi qolganini ma’lum qilgan edi.

Mavzuga oid