Jamiyat | 17:07 / 23.09.2025
10147
2 daqiqa o‘qiladi

Sariosiyoda hokim yordamchisi, muhandis va qishloq xo‘jaligi mas’uli qo‘lga olindi

Mahalladagi hokim yordamchisi mansabdor tanishlari orqali hokimlik zaxirasidagi yerni 30 yilga ijaraga olib berish uchun 29 mln so‘m so‘ragan. U va sheriklariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biridagi hokim yordamchisi o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda fuqaro ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari orqali tuman hokimligi zaxirasidagi 2,5 gektar sug‘oriladigan yer maydonini 30 yil muddatga ijaraga olib berish evaziga 29 mln so‘m talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar idoralari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim yordamchisi so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida u ushbu pul mablag‘ini «O‘zdaverloyiha» ilmiy loyihalash institutining «Survilerloyiha» bo‘linmasi muhandisi hamda Sariosiyo tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi shu’ba boshlig‘iga berishi kerakligi ma’lum bo‘lgan.

So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, muhandis va shu’ba boshlig‘i ushbu pul mablag‘ini olganida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid