Jahon | 23:41 / 23.09.2025
8949
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Ukrainadagi urushning asosiy homiylarini aytdi

Oq uy rahbari davom etayotgan urushning asosiy homiylari sifatida Rossiyadan neft xarid qilayotgan Xitoy va Hindistonni tilga oldi. Shuningdek, Yevropaning Rossiya nefti va gazini sotib olishda davom etayotganini «sharmandali» deb atadi.

Foto: Bloomberg

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy va Hindistonni Rossiya bilan iqtisodiy hamkorligi uchun Ukrainadagi urushning «asosiy homiylari» deb atadi. Bu haqda Oq uy rahbari 23 sentabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasida ma’lum qildi.

«Xitoy va Hindiston ushbu urushning asosiy homiylari bo‘lib, Rossiya neftini sotib olishda davom etmoqda», dedi Tramp.

Shuningdek, Tramp Yevropaning Rossiya energiya tashuvchilarini sotib olishda davom etayotganini sharmandali deb atadi.

«Yevropaliklar faollashishi kerak. Ular hozirgidek ish tutishi mumkin emas. Ular Rossiya bilan urushayotgan bir paytda Rossiyadan neft va gaz sotib olmoqda. Bu sharmandalik», dedi AQSh yetakchisi.

Avvalroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Go Tszyakun Xitoy Ukraina inqirozi bo‘yicha izchil ravishda adolatli va xolis pozitsiyani egallab kelayotgani, bu inqirozning tashabbuskori ham, ishtirokchisi ham emasligini aytgandi.

O‘z navbatida, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish va tinchlikni tezroq tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qat’iy va izchil pozitsiyasini bildirdi.

AQSh Moliya vazirligi allaqachon Yevropa Ittifoqi davlatlari va «Katta yettilik» a’zolarini Ukrainadagi urush tugamaguncha Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga majbur qilish uchun Xitoy va Hindistonga qarshi jiddiy bojlar joriy etishga chaqirgan. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bu chaqiriqni «qo‘rqitish va iqtisodiy majburlash» namunasi deb atadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid