Sport | 19:53 / 23.09.2025
23463
4 daqiqa o‘qiladi

«Uning o‘yini o‘ta ishonchli va barqaror» – Gvardiola Husanov haqida

Murabbiy o‘zbekistonlik futbolchi himoya chizig‘ida bir necha pozitsiyada o‘ynay olishini e’tirof etdi hamda uni Kayl Uokerga qiyosladi.

Foto: Manchester City / X

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Angliya ligasi kubogi uchinchi bosqichi doirasida 24 sentabr kuni «Haddersfild»ga qarshi kechadigan o‘yin oldidan jamoaning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanovni maqtadi va u jamoaning so‘nggi yillardagi eng yaxshi transferlaridan biri bo‘lishiga ishonch bildirdi.

«U markazda o‘ynay oladi, himoyaning chap qanotidan boshqa istalgan pozitsiyalarda o‘ynay oladi, deb aytgan bo‘lardim...

Ha, u hujumda ko‘p vaziyat yarata olmasligi mumkin, ammo uning o‘yini o‘ta ishonchli va barqaror. Uning jismoniy imkoniyatlari, ortga qaytish [tezligi] xuddi Kayl [Uolker]ning eng yaxshi davrlarini yodga soladi»,  degan «shaharliklar» ustozi.

Mutaxassis Husanov kelajakda «Manchester Siti» uchun eng muhim futbolchiga aylanishiga, u jamoa safida juda ko‘p vaqt qolishiga ishonch bildirgan.

«U g‘oyatda e’tiborli, juda yosh, o‘rganishga intiluvchan. Biz duch kelgan kuchli, jiddiy raqiblarga qarshi u haqiqatan ham a’lo o‘yin ko‘rsatdi.

U juda yosh bo‘lishiga qaramay, avvaliga O‘zbekistondan Fransiyaga kelib moslashdi, keyin bu yerga kelgach, biz uchun qiyin bo‘lgan mavsumda tezda jamoaga kirishib ketdi...

Agar yangi joyga kelganingda hammasi joyida bo‘lsa, moslashish oson kechadi. Ammo bizda unday emasdi. Bizda bor harakatlar va uslublarni u aqlbovar qilmaydigan darajada tez o‘rganmoqda.

O‘ylaymanki, u klub so‘nggi bir necha yillar davomida sotib olgan eng yaxshi futbolchi ekanini tez orada tushunib yetasiz. Bu yigit hali uzoq vaqt „Manchester Siti“da qoladi»,  deydi ispaniyalik mutaxassis.

Eslatib o‘tamiz, asli Toshkentning «Bunyodkor» klubi tarbiyalanuvchisi sanalgan Abduqodir Husanov 2025 yil yanvarida Fransiyaning «Lans» klubidan 40 million yevro evaziga «Manchester Siti» safiga qo‘shilgandi. O‘tgan mavsum davomida u jiddiy raqobat tufayli asosiy tarkibdan joy ololmagandi. Bu mavsumda esa qatorasiga to‘rt o‘yindan buyon boshlang‘ich tarkibda tushirilmoqda va ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda. Asli markaziy himoya chizig‘i vakili bo‘lgan futbolchi himoyaning o‘ng qanotiga o‘tkazilgan.

«Shaharliklar» ustozi Pep Gvardiola APLning 4-turi doirasida «MYu»ga qarshi o‘yindan keyin ham o‘zbekistonlik himoyachi haqida navbatdagi marta maqtovli fikrlarini bildirgandi:

«Kelgusi 11 oyda biz har uch kunda o‘ynaymiz. Agar Husanov barcha o‘yinlarni (o‘ng himoyachi sifatida) o‘ynaydi, deb o‘ylasangiz, bunday qilishga hech qanday inson qodir emas. Bizga boshqa variantlar ham kerak. Ammo uning jismoniy tayyorgarligi menga ma’lum: u juda yosh, o‘rganishi kerak, juda tezkor.

Bugun Husa o‘z xududini ishonchli qo‘riqladi. Toza o‘ynab, deyarli to‘p yo‘qotmadi. Ba’zida energiyasi jo‘sh urib noto‘g‘ri qarorlar chiqarishga undaydi. Biroq biz u bilan kelgandan beri bu haqda gaplashamiz, vaqt o‘tib iziga tushib ketadi. Unda ajoyib tezlik, konsentratsiya bor. Bugun juda yaxshi o‘ynadi».

Mavzuga oid