Ko‘chmas mulk | 15:35 / 23.09.2025
2357
3 daqiqa o‘qiladi

Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallashni nazorat qilish raqamli asosga o‘tkaziladi

Prezident qarori bilan yerga oid munosabatlarda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Hujjatda raqamli texnologiyalar asosida yagona nazorat tizimini joriy etish va yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash hamda bunday yerlarda noqonuniy qurilmalar qurishning oldini olish uchun vakolatli organlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish nazarda tutilgan.

Xususan, Kadastr agentligining E-yer nazorat tizimi davlat yer nazoratini yuritishning yagona elektron platformasi bo‘ladi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab maxsus vakolatli organlarning yerga oid qonunchilikka rioya qilmaslik faktlarini barvaqt aniqlash va ular bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish vazifalari va funksiyalari faqatgina ushbu tizim orqali amalga oshiriladi.

Kosmik suratlarni qayta ishlash va tahlil qilish orqali aniqlangan yerga oid qonunbuzarlik ehtimoli yuqori bo‘lgan holatlar bo‘yicha ma’lumotlar "Raqamli hukumat" tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali E-yer nazorat tizimiga yuboriladi.

"O‘zbekkosmos" agentligi bir yilda ikki marta davlat budjeti mablag‘lari hisobidan yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish faktlarini aniqlash bo‘yicha aerokosmik monitoring o‘tkazadi. Qo‘shimcha monitoring manfaatdor vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

Yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar darajasiga qarab hududlar quyidagilarga bo‘linadi: "qizil" toifa – yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash hamda bino va inshootlarni qurish ehtimoli yuqori, "sariq" – o‘rta va "yashil" toifa – past ehtimoli bo‘lgan hududlar.

E-yer nazorat tizimini tegishli davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashni amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab vakolatli organlar tomonidan yerga oid qonunchilikka rioya qilmaslik faktlarini barvaqt aniqlash doirasida undirilgan jarima sanksiyalari summasining 2 foizi E-yer nazorat tizimi operatoriga (Kompyuterlashtirish, geoaxborot texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish markazi) o‘tkaziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid