Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy dunyodagi eng tezyurar avtomatlashtirilgan temiryo‘l poyezdini qurdi
Soatiga 200 kilometr tezlikka chiqa oladigan dunyodagi eng tez avtomatlashtirilgan temiryo‘l transporti Xitoyning sharqiy qismidagi Shandun provinsiyasining Tsindao shahridagi Syun’an tumanida omma oldida namoyish etildi.
Foto: Sinxua
Taqdim etilgan prototip intellektual poyezdlar seriyasining bir qismidir. U to‘rtinchi darajali avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi (Grade of Automation 4, GoA4) bilan jihozlangan, bu temiryo‘l transportida avtomatlashtirishning eng yuqori darajasini, mashinistga ehtiyoj sezmasdan, sun’iy intellekt tomonidan boshqariladigan to‘liq pilotsiz poyezdlarni bildiradi. Biroq, bu poyezdda mashinist kabinasi saqlab qolingan va boshida unda boshqaruvchi bo‘lishi mumkin. GoA4 tizimi yangi transport vositasini Xitoydagi birinchi to‘liq avtomatlashtirilgan poyezd va dunyodagi eng tez harakatlanuvchi tarkibga aylantiradi.
Poyezd murakkab ish sharoitlarida — yuqori tezlik va stansiyalar orasidagi uzoq oraliqlarda avtonom ravishda ma’lumot to‘playdigan, tahlil qiladigan va qaror qabul qiladigan o‘rnatilgan raqamli «miya» bilan jihozlangan. Yangi boshqaruv tizimi nosozliklar ehtimolini 95 foizga qisqartiradi.
Xavfsizlikka alohida e’tibor qaratildi. Poyezd 2900 dan ortiq kuzatuv datchiklariga ega yuqori aniqlikdagi zaxira sensor tizimini o‘z ichiga oladi, bu shassi, tortish bloki va tormoz tizimini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi hamda millisekundlarda nosozliklarni ko‘rsatadi. Raqamli texnologiyalar va SI algoritmlariga asoslangan yagona aqlli texnik xizmat ko‘rsatish tizimi yaratilgan bo‘lib, u nosozliklarni prognoz qiladi va ta’mirlash to‘g‘risida qaror qabul qilishga yordam beradi.
Poyezdning passiv xavfsizligi ham kuchaytirildi, yangi zarbadan himoyalovchi elementlar va ko‘p nuqtali energiyani yutuvchi konstruksiyalar joriy etildi, bu esa poyezdning to‘qnashuvlarga bardosh berish qobiliyatini ikki baravar oshiradi.
Korpusning aerodinamikasida ham sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berdi: o‘zgaruvchan ko‘ndalang kesimdagi havo o‘tkazgichlari qarshilikni pasaytiradi va qo‘shimcha himoya qoplamalari turbulentlikni kamaytiradi.
Foydalanish nuqtai nazaridan qaraganda, poyezd samaraliroq bo‘ldi: 200 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlar va sarf materiallari standartlashtirildi, aqlli diagnostika tizimlari esa texnik xizmat ko‘rsatish jadvallarini optimallashtiradi va xarajatlarni kamaytiradi. Yangi poyezd Pekin-Syun’an ekspress liniyasida (Syun’an tumanidan Pekindagi Dasin xalqaro aeroportigacha) foydalaniladi. Poyezd foydalanishga topshirilgach, Syun’andan aeroportga 30 daqiqalik va Litsze biznes tumaniga 60 daqiqalik qatnovni ta’minlaydi, bu Pekin-Syun’an transport halqasini shakllantirish hamda Syun’an yangi hududini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Mavzuga oid
15:05 / 01.12.2025
Temiryo‘llari tizimida monopoliya tugatiladimi?
21:41 / 28.11.2025
Nega O‘zbekiston poyezdlariga chipta narxi qimmat?
10:59 / 10.11.2025
Slovakiyada poyezdlar to‘qnashdi: o‘nlab odam jarohatlandi
14:45 / 03.11.2025