Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI sharqiy chegarada «dronlar devori» yaratishni muhokama qilmoqda
Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen 1 oktyabr kuni Kopenhagenda bo‘lib o‘tadigan YeI yetakchilarining norasmiy uchrashuvida «dronlar devori»ni moliyalashtirish variantlarini taklif qilishi kutilmoqda.
Yevropa Ittifoqining yettita davlati – Estoniya, Latviya, Litva, Finlandiya, Polsha, Ruminiya va Bolgariya 26 sentabr kuni Yevropa komissiyasi (YeK) va Ukraina bilan «dronlar devori» yaratish taklifini muhokama qilish uchun onlayn uchrashuv o‘tkazadi, dedi Yevrokomissiya vakili Tomas Rene 22 sentabr, dushanba kuni. "Ruminiya va Polshada hujumlar va bostirib kirishlar allaqachon sodir bo‘lgan", dedi Rene.
Ursula fon der Lyayyen o‘tgan hafta Yevropa parlamentiga yillik murojaatini e’lon qilib, Yevropa Ittifoqi «Ukraina zukkoligidan jang maydonida va qo‘shma sanoatlashtirishda ustunlikka erishish» maqsadida foydalanish uchun Ukraina bilan 6 milliard yevro mablag‘ orqali qo‘llab-quvvatlangan «dronlar ittifoqi»ni yaratishini aytdi. Yevropa Ittifoqi «Boltiqbo‘yidagi do‘stlarimizning chaqirig‘iga quloq tutishi» va o‘zining sharqiy chegaralarini mustahkamlashi kerak, dedi fon der Lyayyen.
Yangi maslahatlashuvlar 19 sentabrda uchta rus harbiy samolyoti Estoniya havo hududini 12 daqiqa davomida buzib, Italiyaning F-35 qiruvchilari tomonidan tutib olingan misli ko‘rilmagan hodisadan keyin keskinlik kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi. Shu oy boshida Polsha rasmiylari Rossiyaning uchuvchisiz uchoqlari ularning chegaralarini buzgani haqida xabar bergan edi.
Tomas Renening so‘zlariga ko‘ra, a’zo davlatlar «jarayonni nazorat qilishda» qolmoqda. «Biz ularning manfaatlari nima ekanligini, ularga qanday yordam berishimiz mumkinligini, imkoniyatlari va ehtiyojlari nimada ekanligini ko‘ramiz. Ushbu muhokamalar asosida biz ushbu a’zo davlatlar va Ukraina bilan birgalikda keyingi qadamlarni belgilaymiz», dedi Yevrokomissiya vakili. Ursula fon der Lyayyen 1 oktyabr kuni Kopenhagenda bo‘lib o‘tadigan YeI yetakchilarining norasmiy uchrashuvida «dronlar devori»ni moliyalashtirish imkoniyatlarini taklif qilishi kutilmoqda.
Litva avvalroq Yevrokomissiya Tallin va Vilnyusning 12 million yevrolik loyihani moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shma arizasini shu yil yozida rad etganini bildirgan edi. Biroq, Rossiyaning so‘nggi harakatlari Boltiqbo‘yi davlatlari tashabbusining dolzarbligini ta’kidladi.