Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Oltin to‘p»: Dembele haqli oldimi?
Usmon nihoyat shu mavsum yetuk futbolchiga aylanadi, Yamal esa o‘z mukofot(lar)ini olishga hali ulguradi.
Bu safargi «Oltin to‘p» topshirish marosimi mojarolarsiz va mukofotni kimdandir «o‘g‘irlashgani» haqidagi jiddiy e’tirozlarsiz kechdi. Shu bilan birga, marosimdan oldin asosiy da’vogarlar – Usmon Dembele, Lamin Yamal, Rafinya, Muhammad Saloh va Pedrining imkoniyatlari deyarli teng ko‘rilayotgandi. Yakunda ovoz beruvchilar «PSJ» hujumchisini ushbu mukofotga haqliroq deb topishdi. Lekin yuqoridagi besh futbolchidan istalgan biri mukofotga ega chiqishiga ko‘pchilik qarshi bo‘lmasdi.
Quyida mukofot uchun asosiy favoritlar o‘tgan mavsumni qanday o‘tkazishganini ko‘rib chiqamiz.
Usmon Dembele
U mavsumning eng muvaffaqiyatli jamoasi yetakchisi. U Luis Enrike boshqaruvidagi pressing-mashinasining nafaqat eng yorqin va sermahsul, balki to‘psiz ham juda katta mehnat qiladigan futbolchisi bo‘ldi.
Chempionlar ligasi finalidan keyinoq ispaniyalik mutaxassis o‘ziga qolganda birinchi navbatda pressingdagi harakatlari uchun shu zahoti Dembelega «Oltin to‘p»ni bergan bo‘lishini aytgandi.
Mukofot egasini aniqlashda inobatga olinadigan boshqa klassik jihatlar bo‘yicha ham Dembele ko‘rsatkichlari yaxshi edi – u kuchli beshlik ligalari futbolchilari orasida har 90 daqiqada o‘rtacha 1,25 ta gol+pas amalga oshirgan va bu borada ikkinchi ko‘rsatkichga ega. Birinchi o‘rinda 1,26 ko‘rsatkich bilan – Harri Keyn, ammo ingliz hujumchisi 13 golini penaltidan urgan, Usmonda esa 11 metrlik nuqtadan urilgan bittagina gol bor.
Gapning indallosini aytganda, «PSJ» hammadan ko‘proq g‘alabaga erishdi, Dembele esa «PSJ»dagi barcha futbolchilardan yorqinroq ko‘rindi.
Mukofot uchun kurashda unga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan birgina omil bor edi: Dembele faqat o‘tgan yil dekabr oyi o‘rtalaridan kuchli o‘ynay boshladi. Ya’ni, butun mavsum barqaror emasdi, faqat Luis Enrikening qat’iy tarbiyaviy soatlari uning o‘zgarishiga turtki bo‘ldi. Ungacha esa futbolchi intizomsizligi uchun tarkibdan chiqarilgan va YeChLda «Arsenal»ga qarshi safar o‘yiniga olib ketilmagan, murabbiy bunday «jazolash» qarorini «butun mavsumdagi eng yaxshi yurishi» deb atagandi.

2025 yil boshidan esa barchasi ideal tarzda kecha boshladi – yangi pozitsiya, maksimal darajadagi ishtiyoq, ilhom bilan o‘ynash. O‘sha paytdayoq ko‘pchilik yangilangan Dembele mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishiga shubha qilmayotgandi.
Lamin Yamal
U yangi avlodning eng yaxshi futbolchisi ekaniga shubha yo‘q. Ispaniya milliy jamoasi ustozi Luis de la Fuente uni «sehrli tayoqcha tekkizilgan futbolchi» deb atagan. U faqat simulyatorlarda ko‘rish mumkin bo‘lgan yengillik bilan futbol o‘ynaydi.
Muxlislar Yamalga aynan qiyin harakatlarni bu qadar osonlik bilan bajarishi uchun ham maftun bo‘lishmoqda. Agar mukofotlar g‘oliblarini muxlislar aniqlashganida, Lamin bu yil barcha sovrinlarni o‘ziniki qilgan bo‘lardi.
Shu bilan birga, unda ham birinchi o‘rinda bo‘la olmaslik uchun sabablar bor edi: uning statistikasi «Oltin to‘p»ga da’vogarlik qiladigan hujumchinikiga o‘xshamaydi. U maydon bo‘ylab harakatlari bilan o‘yinga katta ta’sir ko‘rsatadi, ammo mukofotni topshirishda gol va paslarga ham qaramaslikning iloji yo‘q.
Uning pozitsiyasida o‘ynovchi Ademola Lukman, Dezire Due, Bredli Barkolya, Maykl Olise, Rafinya, Muhammad Saloh, Usmon Dembele kabi futbolchilar har 90 daqiqaga to‘g‘ri keladigan gol yoki paslar soni bo‘yicha undan ancha yaxshiroq ko‘rsatkichga ega. Yamalda esa bu o‘rtacha 0,77 ta golli harakatga teng. Taqqoslash uchun, o‘tgan mavsumi o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tgan va «Oltin to‘p»ga da’vogar 30 futbolchi qatoriga ham kira olmagan Vinisiusning ko‘rsatkichi ham uniki bilan deyarli teng - 0,76). Albatta, u mukofotni qo‘lga kiritishi uchun raqamlari ham chiroyli bo‘lishi kerak edi.
Uning ko‘rsatkichlari yuqori emasligi sabablaridan biri u haddan tashqari chiroyli o‘ynashga intilishi bilan bog‘liq. Uning ko‘p qarorlari aqlli qaror emas. Aksar futbolchilar birinchi navbatda risk va foydani baholashadi – eng yaxshi qarorni qabul qilishga harakat qilishadi. Yamalga esa bu narsa begona. U doimo go‘zallikni tanlaydi: ba’zida bu eng yaxshi qaror bo‘lib chiqadi, ba’zida esa yo‘q.
Qisqacha aytganda, u o‘z qoidalari bo‘yicha o‘ynaydi, shu bilan birga, jamoaga ham foyda keltiradi. Lekin u hali yetarlicha yetuk va samarali futbolchi emas. Yana bir narsani e’tiborga olish kerakki, Yamal hali 18 yoshda va unda «Oltin to‘p» olish uchun hali bir necha marta imkoniyat bo‘ladi.
Foto: EPA/TASS
Rafinya
O‘tgan mavsumda eng ko‘p gol urgan va eng ko‘p golli pas bergan ikki eng yaxshi futbolchidan biri Rafinya bo‘ldi, u gol+pas bo‘yicha 56 ochko to‘plagan, Muhammad Salohda 57 ta. Shu bilan birga, misrlik hujumchi 11 golini penaltidan urgan, Rafinyada – atigi 2 ta. Jamoaviy o‘yinda ham braziliyalik vingerda hech qanday muammo yo‘q. «Barsa»ning ko‘plab gollari Rafaning pressingdagi harakatlari natijasida urilgan.
Holbuki 2024 yil yozida Rafinyani klubdan ketishga undashayotgandi. Katta ehtimol bilan, Niko Uilyamsning transferi hal bo‘lganida, u chindan ham ketgan bo‘lardi. Yakunda esa u nafaqat jamoada qoldi, balki o‘ziga begona bo‘lgan pozitsiyada jamoaga kerakligini isbotlay oldi.
Yangilangan Rafinya – endi asosan o‘ng qanotda o‘ynovchi, asosiy ishlatadigan oyog‘i chap bo‘lgan driblingchi vinger emas, u endi oldingi chiziqda barcha pozitsiyalarni yopa oladigan yetakchi futbolchi. U yashirin hujumchi sifatida tushishi ham mumkin, o‘nlik pozitsiyasida yoki qanotlarda o‘ynashi mumkin. U nafaqat pozitsiyasini, balki o‘zini ham o‘zgartirdi. O‘tgan mavsumda u faoliyatida eng kam fint ishlatgan bo‘lishi mumkin, lekin unda endi boshqa, yangi instrumentlar paydo bo‘ldi – buning evaziga u yanada foydaliroq, yanada samaraliroq va yanada intellektualroq futbolchiga aylandi.
U eng yaxshi deb topilishi uchun esa ikki omil xalaqit berdi. Birinchisi – «Barselona» ichki chempionatda tengsiz bo‘lsa-da, Chempionlar ligasini yarimfinalda tark etdi. Ikkinchisi – bir jamoadan nomzodlar soni ko‘p bo‘lgani. Unga «Barsa»ning o‘zida Pedri va Yamal ham raqobat qildi – ular ham chinakamiga kuchli mavsum o‘tkazishgandi. Lekin u beshinchi o‘rindan yuqorirog‘iga loyiq edi.
Muhammad Saloh
Qiziqish yuqoriligi bo‘yicha Chempionlar ligasidan qolishmaydigan turnir hisoblangan APLda Saloh nafaqat hammadan ko‘proq gol urib, ko‘proq assist muallifi bo‘ldi, balki tarixiy ko‘lamdagi rekordlarni ham o‘rnatdi.
U gol+pas tizimida 47 ochko to‘plab, Alan Shirerning 1994/95 yillar, Endi Koulning 1993/94 yillar mavsumidagi natijalarini takrorladi, holbuki bu futbolchilarda bunday ko‘rsatkichga erishish uchun ko‘proq bo‘lgan, o‘sha yillarda bir jamoa bir mavsumda 42 ta o‘yin o‘tkazgan. 38 o‘yinlik davrda esa hech kim bu qadar yuqori natija qayd etolmagan. Salohgacha eng yaxshi ko‘rsatkichni 2002/03 yillar mavsumida Tiyerri Anri, 2022/23 yillar mavsumida Erling Holand qayd etgandi – ikkisida ham 44 tadan gol+pas.
«Liverpul» aynan uning sa’y-harakatlari evaziga «Siti»ning chempionlik seriyasiga barham berdi va «Arsenal»ni oldinga o‘tkazib yubormadi.
Lekin «Liverpul» Chempionlar ligasini juda erta tark etdi, Saloh esa hal qiluvchi o‘yinlarda «PSJ» himoyachisi Nunu Mendesh tomonidan to‘liq zararsizlantirildi. Qolaversa, misrlik hujumchi bahorda ichki chempionatda ham bo‘shashdi va uchtagina gol urdi. Ko‘pchilikning yodida esa mavsum yakunidagi muvaffaqiyatsizlik yodda qoldi va bu uning mukofot uchun imkoniyatlarini pasaytirib yubordi. Yakunda esa to‘rtinchi o‘rin.
Pedri
Foto: Alex Caparros/Getty Images
Yakuniy ro‘yxatdagi o‘rni eng noto‘g‘ri bo‘lgan futbolchi sifatida Pedrini keltirish mumkin. Natijalar e’lon qilinganida aynan uning 11-pog‘onada joylashgani ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Holbuki «Barsa» o‘yini sifatiga Pedri kabi kuchli ta’sir ko‘rsata oladigan boshqa futbolchi yo‘q. U yomon o‘tkazgan o‘yinni topish qiyin. Uni maydondagi murabbiy desa ham bo‘ladi. U nafaqat hujumlarni rivojlantiruvchi muhim paslarni beradi, balki noqulay holatda turgan holda paslarni to‘g‘ri qabul qilib, to‘pni o‘ziga bo‘ysundirishda ham benazir.
One-versus-One statistik saytida «bo‘shliqni his qilish» parametri mavjud - bu bilan raqiblar qurshovida turgan holda paslarni qabul qilgan futbolchilar baholanadi. Bunday uzatmalarni qabul qilish uchun chiziqlar orasida to‘g‘ri ochilish talab etiladi. O‘tgan mavsumda atigi ikki futbolchi 1000 dan ortiq shunday pasni qabul qilgan - Florian Virs va Pedri.
O‘tgan mavsumda u driblingini ham yaxshiladi. «Barsa» futbolchilari orasida muvaffaqiyatli aldab o‘tishlar ko‘rsatkichi bo‘yicha ham u eng yaxshi, 66,3 foizlik ko‘rsatkichga ega – 86 urinishdan 57 tasida raqib aldab o‘tilgan.
Shunchasi yetmaganidek, u himoyada ham ko‘p ish qiladi. O‘tgan mavsumda «Barselona»da to‘pni raqibdan olib qo‘yish bo‘yicha eng yaxshilardan biri bo‘lgan. Raqibning zarbalari yoki paslari yo‘lini to‘sish bo‘yicha esa jamoada unga hech kim teng kela olmagan.
Qisqacha aytganda, Pedri tayanch zonasidagi rolini qo‘shimcha o‘nlik funksiyalari bilan birlashtiradi va har doim qayerda ko‘proq kerakligini ideal darajada his qiladi.
Umuman, Pedri o‘ziga bog‘liq hamma ishni qildi, ammo «Oltin to‘p» mezonlariga to‘g‘ri kelmadi.