Jamiyat | 09:33 / 25.09.2025
8276
2 daqiqa o‘qiladi

Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bog‘chalarda bolalar zaharlandi

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, tarbiyalanuvchilar 3,2 foizli kefirdan zaharlangan. O‘rganishda ushbu mahsulot Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan. Hozircha nechta bola zaharlangani ochiqlanmadi. Tarmoqlarda tarqalgan videolavhada vaziyat ancha jiddiyligini ko‘rish mumkin.  

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanidagi bog‘chalarda bolalar zaharlangani, ular soni ancha ko‘pligi va shifoxonaga sig‘magani tufayli qo‘shni tumanlarga jo‘natilgani haqida videolavha tarqaldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirdi

Ma’lum qilinishicha, holat 24 sentabr kuni kuzatilgan: tarbiyalanuvchilar salomatligida o‘zgarish bo‘lgani sababli tibbiyot birlashmalarining yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilingan.

Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga “oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi” tashxisi qo‘yilib, zaruriy muolajalar amalga oshirilgan. Shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.

Vaziyat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan nazoratga olingan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda o‘rganish ishlari boshlangan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib kelingan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.

“Tibbiy yordamga murojaat qilgan bemorlardan olingan tahlillar hamda iste’mol qilingan oziq-ovqatlar namunalari tegishli laboratoriyalarda tekshiruvdan o‘tkazilyapti. Qayd etilgan holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etyapti”, deyiladi munosabatda.

Vazirlik nechta bola zaharlanganini ochiqlamagan. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi ma’lum qilingan.  

Mavzuga oid