Jahon | 14:29 / 26.09.2025
15225
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri ishdan olindi

AQSh safaridan keyin prezident To‘qayev tashqi siyosat bo‘yicha kadrlar rotatsiyasini amalga oshirdi, tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleudan tashqari AQShdagi elchi ham lavozimidan ozod qilingan.

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu lavozimidan ozod etildi. U tegishli farmon bilan Qozog‘iston prezidentining xalqaro investitsiyalar va savdo hamkorligi masalalari bo‘yicha yordamchisi etib tayinlangan.

Umuman, prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev AQSh safaridan qaytgach, keng ko‘lamli kadrlar almashinuvi amalga oshirgan.

Kanat Sharlapayev Qozog‘iston prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha yordamchisi lavozimidan, Yerjan Kazixan prezidentning xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi lavozimidan, Yernar Baspayev prezident maslahatchisi lavozimidan, Zakariya Kunsulu prezidentning fan va innovatsiyalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan, Zulfiya Suleymenova prezident maslahatchisi – Qozog‘iston prezidentining xalqaro ekologik hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili lavozimidan, Tamara Duysenova prezident yordamchisi lavozimidan, Yerjan Ashikbayev Qozog‘istonning AQShdagi elchisi lavozimidan, Yerlan Alimbayev Qozog‘istonning Jyenevadagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili lavozimidan ozod etildi.

Murat Nurtleu o‘rniga Yermek Kusherbayev mamlakatning yangi tashqi ishlar vaziri sifatida ish boshlagan.

Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Yermek Kusherbayev

Yermek Bedelbayevich Kusherbayev muqaddam Qozog‘istonning Rossiyadagi elchisi (2020-2023 yillar), Sharqiy Qozog‘iston oblasti akimi (2023-2025) bo‘lib ishlagan, 2025 yil fevralidan buyon respublika bosh vazir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Murat Nurtleu 2023 yil aprelidan buyon bosh vazir o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlayotgandi. U muqaddam Qozog‘istonning Finlandiya va Estoniyadagi elchisi, 2019 yildan prezident To‘qayevning yordamchisi, prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari, prezident administratsiyasi rahbari kabi lavozimlarda ham faoliyat yuritgan.

2025 yil 4 sentabr kuni Murat Nurtleu Xitoyda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitidan qaytganidan keyin hibsga olingani haqida xabarlar tarqalgandi. Xususan, hukumat ta’siridagi Orda.kz nashri Nurtleu o‘z uyida qo‘lga olingani, uning uyida tintuv o‘tkazilganini yozgandi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotni rad etib chiqqandi. Ammo vazirlik Nurtleuning ishchi uchrashuvi haqida xabarida uning eski suratidan foydalangandi.

8 sentabr kuni Murat Nurtleu hukumat uyida ko‘rinish berib, o‘zining qo‘lga olingani haqidagi xabarlarni rad etgandi.

Mavzuga oid