Jahon | 18:31 / 26.09.2025
7931
3 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev global iqlim sammitlarini keng ko‘lamli firibgarlikka o‘xshatishini aytdi

Qozog‘iston rahbari AQSh prezidenti Donald Trampning shu mazmundagi bayonotini qo‘llab-quvvatladi.

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 26 sentabr kuni Fan va texnologiyalar bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida nutq so‘zladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilm-fan va texnologiyalar barcha davlatlar uchun strategik ahamiyatga ega.

To‘qayev o‘z nutqida global iqlim sammitlarini ommaviy firibgarlikka o‘xshatishini aytdi.

«Men Dubay va Bokuda bo‘lib o‘tgan global iqlim sammitlarida ishtirok etdim. Men o‘z taassurotlarimni hamkasblarim va hukumat a’zolari bilan o‘rtoqlashdim va sodir bo‘layotgan voqealar ko‘proq keng ko‘lamli firibgarlikni eslatishini ochiq aytdim. Mening so‘zlarimni bosh vazir O‘ljas Bektenov ham tasdiqlashi mumkin. Kuni kecha AQSh prezidenti Donald Tramp BMT minbaridan xuddi shunday bayonot bilan chiqdi: «Iqlim o‘zgarishi - dunyoda sodir etilgan eng katta firibgarlikdir». Shuning uchun Qozog‘iston 35 yil ichida to‘liq dekarbonizatsiyani amalga oshirish bo‘yicha rasmiy rejalarini e’lon qildi. Bugungi kunda Qozog‘istonda 118 milliard kilovatt energiya ishlab chiqarilmoqda. Bu yetarli emas. Raqamlashtirish va sun’iy intellekt rivojlangani sari mamlakatning energiyaga bo‘lgan ehtiyoji jadal o‘sib borishi aniq», dedi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

U energiya manbalaridan samarali foydalanish zarurligini aytdi. Avvalo, gap ko‘mir haqida bormoqda. To‘qayev ta’kidlaganidek, Qozog‘iston yiliga 113 million tonna ko‘mir qazib oladi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoning yetakchi o‘nta davlati qatoriga kiradi.

23 sentabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp iqlim inqirozini «eng katta firibgarlik» deb atadi. U BMT Bosh Assambleyasida tegishli bayonot bilan chiqdi.

«BMT va boshqa ko‘plab tashkilotlar tomonidan ko‘pincha yomon niyatlarda qilingan bu bashoratlarning barchasi noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Ularni o‘z mamlakatlariga qimmatga tushgan va bu mamlakatlarni muvaffaqiyat qozonish imkoniyatidan mahrum qilgan ahmoq odamlar yaratgan. Agar siz bu «yashil firibgarlikdan» voz kechmasangiz, mamlakatingiz muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Men bunday bashoratlarni juda yaxshi bilaman», dedi Oq uy rahbari.

Mavzuga oid