O‘zbekiston | 22:40 / 27.09.2025
16747
15 daqiqa o‘qiladi

Zaharlangan mingta murg‘ak va dunyoda yo‘q AES - hafta dayjesti

Bog‘chalarda ommaviy zaharlanish: mas’uliyat kimda? Jizzaxda katta-kichik ikkita AES quriladi: bunaqasi dunyoda yo‘q. Nyu-Yorkdagi suhbat: Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp uchrashuvi qanday o‘tdi? “Super-muper” kontrakt yopildi: kirish imtihonida 1 ball olganlar endi talaba bo‘lolmaydi. Haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Mingta bola zahar yutdi

Kasalni yashirsang yoki tan olmasang, isitmasi baribir oshkor qiladi. Kun.uz ikki hafta oldin Samarqanddagi bog‘chalarga muzlatilgan va hatto hidlangan go‘sht tarqatilgani haqida surishtiruv e’lon qilgandi. O‘tgan hafta esa bog‘chalarni oziq-ovqat bilan ta’minlash tizimidagi ehtimoliy korrupsiya haqida maqola chiqargan edik. Har ikkala surishtiruvga ham birorta mas’ul tashkilotdan reaksiya bo‘lmagandi. Bu bilan, bolasi qimmat xususiy bog‘chaga boradigan amaldorlar, davlat bog‘chalaridagi bolalar sog‘ligiga ochiqchasiga befarq qarayotgandek taassurot uyg‘ongandi.

Bugun esa, bunaqangi e’tiborsizlikning jabrini yuzlab yosh bolalar tortyapti. Ularning xavfsizligi uchun mingta chig‘iriqdan o‘tishi kerak bo‘lgan mahsulotlar bir emas, ikki emas, naq beshta tumandagi bog‘chalarda ommaviy zaharlanishga sabab bo‘lyapti. Mas’ullar esa eng asosiy savollardan qochib, namoyishkorona sukutini davom ettirmoqda.

Kun.uz va boshqa bir nechta nashrlar surishtirib aniqlagan raqamlarga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda ovqatdan zaharlanish gumoni bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bolalar soni 1900 dan oshadi. Shundan mingga yaqinida o‘tkir gastroenterit diagnozi tasdiqlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Ularning aksariyati yengil ahvolda ekani aytilyapti. Sanepid raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekovga ko‘ra, 26 sentabr holatiga, ya’ni zaharlanish ro‘y berganidan 3-4 kun o‘tib, 22 nafar bolaning ahvoli o‘rtacha og‘ir darajada bo‘lgan. 27 sentabr ertalab holatiga esa, 694 nafar bola shifoxonada qolyapti, ularning 13 nafari o‘rtacha og‘ir ahvolda.

Zaharlanish Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Quyi Chirchiq, Piskent va Bekobod tumanlaridagi bog‘chalarda qayd etilgan. Tarmoqda tarqalgan videoda bir tibbiyot xodimi bemorlar oqimi kattaligi sabab hamkasblariga yordam so‘rab murojaat qilganini ko‘rish mumkin. Nurmat Otabekovga ko‘ra, kasalxonalarda joy yetishmovchiligi sababli bemorlarning bir qismi Olmaliq va Nurafshon shaharlariga ham yuborilgan.

Kun.uz suhbatlashgan ota-onalarning aytishicha, zaharlangan bolalarda isitma, ko‘ngil aynishi, ich ketishi kuzatilgan. Ular farzandlari bog‘chada kefir ichganini aytishmoqda. Rasmiylarning asosiy gumoni ham Oqqo‘rg‘ondagi sexda ishlab chiqarilgan kefirdan; hozirda SES laboratoriyalarida bu mahsulotdan olingan 540 ta namuna tekshirilyapti. Kefirni bog‘chalarga Shark Milk Product kompaniyasi yetkazib bergan va ayrim manbalarga ko‘ra, bu kompaniya Oqqo‘rg‘on tumani sobiq hokimining o‘g‘liga tegishli bo‘lishi mumkin.

Holat yuzasidan xususiy ta’minotchi korxonalarning 7 nafar mansabdori qamoqqa olindi. Tergovni IIV olib bormoqda. “Adolat” partiyasi ishni nazoratga olishni so‘rab, Bosh prokuraturaga murojaat qildi, Bolalar ombudsmani ham keng ko‘lamli tizimli tekshiruvga chaqirmoqda. Lekin IIV va Bosh prokuratura hozircha voqeaga munosabat bildirib chiqmadi. Umuman, bu holat kommunikatsiya masalasida ko‘p kuzatiladigan tizimli muammoning yana bir tasdig‘i bo‘ldi. Zaharlanish katta ko‘lamda ro‘y bergani, davlat bog‘chalariga nisbatan ishonchga putur yetayotganiga qaramay, rasmiy idoralar chalakam-chatti press-reliz e’lon qilib qo‘yishdan nariga o‘tmadi. Operativlikdan yiroq, juda kech e’lon qilingan bu bayonotlarda jamoatchilikdan asossiz axborot tarqatmaslik ham so‘raldi. Vaholanki, asossiz axborot tarqalishiga sharoit yaratmaslik – davlatning o‘ziga bog‘liq.

Aslida, bunday holatlarda SES boshlig‘i, vazirlar, tuman va viloyat hokimlari, surishtiruvchi organlarning birinchi rahbarlari mard bo‘lib, shaxsan o‘zlari tezkor va ochiq matbuot anjumani o‘tkazishi kerak. Aynan shu narsa odamlarni tinchlantiradi, ishonch uyg‘otadi, turli mish-mishlarning oldini oladi. Bundan tashqari, ota-onalarga tavsiyalar e’lon qilinishi: bolada zaharlanish belgilarini qanday aniqlash, nima qilish va nima qilmaslik o‘rgatilishi zarur. Chunki elementar qoidaga ko‘ra, zahar organizmdan qancha tez chiqarib tashlansa, shuncha yaxshi. Lekin afsuski, sog‘liqni saqlash rasmiylari ham, doim ochiqlikka urg‘u beradigan viloyat hokimi ham, yangi tayinlangan ta’lim vaziri ham – qog‘ozga o‘rab aytganda, namuna bo‘lolgani yo‘q.

“Ikkitasi birda”: Dunyoda muqobili yo‘q AES loyihasi

Jizzaxda bir emas, ikkita atom elektr stansiyasi quriladigan bo‘ldi. Ulardan bittasi kichik, ikkinchisi an’anaviy katta stansiya bo‘ladi va ular birgalikda 525 gektarlik umumiy maydonda joylashadi. Bu haqda Rossiya bilan bitim 26 sentabr kuni Moskvada imzolandi.

E’tiborlisi, katta va kichik AESlarni bitta maydonda integratsiya qilish – juda noyob hodisa. Bu loyiha O‘zbekistonni bunaqangi qo‘shaloq AESga ega dunyodagi birinchi davlatga aylantiradi.

Loyihaning bir nechta asosiy parametrlari haqida o‘zbekistonliklar birinchi bo‘lib Vladimir Putin ishtirokidagi yig‘ilishda xabar topdi. Gap Rossiya poytaxtida o‘tgan jahon atom haftaligining ochilish sessiyasi haqida ketyapti. Bu sessiyada qatnashgan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevning aytishicha, Jizzaxdagi katta AES har biri 1000 megavattlik ikkita energoblokdan iborat bo‘ladi. Kichik stansiyaga esa har biri 55 megavattlik ikkita reaktor o‘rnatiladi. Shu tariqa, qo‘shaloq stansiyaning umumiy quvvati 2,1 gigavattni tashkil etadi.

Moskvada imzolangan yana bir bitim – Jizzaxda qurilajak AESlar uchun yadro yoqilg‘isini yetkazib berish haqida. Bitimda kam quvvatli stansiya uchun RITM-200N va katta quvvatli stansiyaning VVER-1000 reaktorlari uchun yadro yoqilg‘isi, ya’ni boyitilgan uran yetkazib berish shartlari belgilangan. Bu bo‘yicha ham aniq tafsilotlar yo‘q. O‘tgan yilgi bayonotlarga ko‘ra, AESda ishlatish uchun O‘zbekistonda qazib olingan uran Rossiyada boyitilishi va Jizzaxga olib kelinishi, ishlatib bo‘linganidan keyin yana Rossiyaga olib ketilishi ko‘zda tutilgan. Bu og‘zaki bayonotlar shartnomada qanchalik aks etgani noma’lum bo‘lib turibdi.

Rasmiy relizga ko‘ra, ikkinchi bitim yadro yoqilg‘isidan tashqari AESlar uchun ehtiyot qismlar, montaj va nazorat uskunalari ta’minoti bo‘yicha shartlarni ham o‘z ichiga oladi. O‘zatom direktori Azim Ahmadjonovga ko‘ra, tanlangan maydonda kotlovan qazish ishlari shu yil kuzda boshlanishi kutilyapti. Kichik modulli reaktor uchun birinchi betonni quyish esa kelasi yil bahorga reja qilingan. Ayni paytda, loyihaning moliyaviy jihatlari bo‘yicha muzokaralar qaysi bosqichda ekani ma’lum emas. AESlarni qurish qanchaga tushadi, buning uchun pul qayerdan olinadi, loyiha iqtisodiy jihatdan qanchalik samarali bo‘ladi – bular haqida hozircha axborot yo‘q.

Moskvadagi ikkita bitimdan tashqari, bu hafta AES masalasida yana ikkita hujjat qabul qilindi. Davlat rahbari imzolagan qonunga binoan, O‘zbekiston yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shiladigan bo‘ldi. Ya’ni hukumat yadroviy falokat yuz bergan taqdirda, xalqqa tovon to‘lash majburiyatini olyapti.

Shuningdek, 24 sentabr kuni O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida yadroviy hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi. AQSh davlat kotibining o‘rinbosari Brent Kristensenga ko‘ra, bu hujjat ikki davlat o‘rtasida yadro energetikasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston va AQSh prezidentlari uchrashdi

Haftaning asosiy siyosiy voqeasi – Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp uchrashuvi bo‘ldi. BMT sessiyasi doirasidagi uchrashuv 6 daqiqa davom etdi va to‘liqligicha jurnalistlar ko‘z o‘ngida kechdi. Suhbat, asosan, ikki davlat rahbarining o‘zaro mulozamati va jurnalistlar bergan bir nechta savolga javoblar bilan o‘tdi. AQSh prezidenti o‘zbekistonlik hamkasbini “aqlli, obro‘li yetakchi” deya maqtagan bo‘lsa, Shavkat Mirziyoyev Trampning urushlarni to‘xtatishga urinishlarini e’tirof etdi.

“Yana bir bor takrorlayman: siz hammadan ko‘ra ko‘proq Nobel mukofotiga munosibsiz. Biz buni aytganmiz va aytishda davom etamiz”, dedi O‘zbekiston prezidenti. Lekin tarjimon bu gaplarni tarjima paytida unutib qoldirdi. Albatta, Tramp hamkasbini tinglayotib, “Nobel” so‘zini ilg‘agan va gapning ma’nosini tushungan bo‘lishi ham mumkin.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Donald Trampni yana O‘zbekistonga taklif qildi. “Birinchi tashrif bo‘lishi kerak. Birinchi safarda Samarqandga kelaman deb va’da bergansiz. Sizni kutyapmiz. Iltimos, Samarqandga tashrif buyurishingiz kerak”, dedi prezident. Oq uy rahbari bu taklif unga yoqqanini aytib, o‘ylab ko‘rishga va’da berdi.

O‘zbekiston rahbari o‘z so‘zida ushbu tashrifi doirasida AQSh bilan hamkorlikda 105 mlrd dollarlik loyihalar shakllantirilgani, 2018 yildagi tashrifi paytida bu raqam 19 mlrd dollar bo‘lganini bildirdi. Tramp esa bu katta summa ekanini ta’kidlab, agar haqiqatan ham O‘zbekiston AQShdan 105 mlrd dollarlik mahsulot xarid qilsa, Mirziyoyev bilan 15-20 martalab uchrashishga tayyorligini aytib hazil qildi. Uchrashuvni to‘liq holda o‘zbek tilida Kun.uz sayti va YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Ma’lumot uchun, aytilayotgan 105 mlrd dollardan yakuniy va aniq bitim imzolangan eng katta qismi – Boeing samolyotlari xaridi bilan bog‘liq. Uzbekistan Airways o‘z tarixidagi eng yirik bitim doirasida, kamida 14 ta Boeing 787-9 Dreamliner samolyotlarini sotib oladigan bo‘ldi. Kelishuvda shu turdagi yana 8 ta uchoqqa buyurtma berilishi mumkinligi ko‘zda tutilgan. Buyurtmalarni yetkazib berish 2031 yildan boshlanadi. Kelishuv qiymati 8 mlrd dollarga baholangan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Dushanba-seshanba kunlari Toshkentda havoning juda xavfli darajada ifloslanishi kuzatildi. Poytaxtimiz dunyo bo‘yicha havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatida yana birinchi o‘ringa chiqib qoldi. Iqlimshunoslarga ko‘ra, bu holat O‘zbekistonga salqin antitsiklon kirib kelishi bilan bog‘liq. Sovuq havo nisbatan zich va og‘ir bo‘lgani uchun yer yuziga yaqin qatlamda to‘planib qoladi, uning ustidagi havo esa nisbatan issiqroq bo‘lib, “qopqoq” vazifasini bajaradi. Bunday sharoitda tepadan pastga va pastdan tepaga yo‘nalgan havo oqimlari sustlashadi, natijada changlar tarqalmay, smog hosil qiladi. Bu tabiiy jarayon bo‘lsa ham, qurilishlar, daraxtlarni kesish va boshqa antropogen omillar ham chang paydo bo‘lishida katta o‘ringa ega.

Xonanda Jaloliddin Ahmadaliyevning Rossiyadagi konserti Rosgvardiyaning “ov” nishoniga aylandi. Xabar qilinishicha, “omonchilar” Krasnoyarsk o‘lkasidagi ziyofat zalida noqonuniy migrantlarni va giyohvand moddalar savdosiga aloqador shaxslarni izlagan. Videoda ular mehmonlarning hujjatini tekshirayotgani, xizmat itlaridan foydalanilgani, bir guruh erkaklar yelkama-yelka saf tortgan holda, ayrimlari qo‘li qayrilgan holda olib ketilganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining izohlashicha, bu voqeaga konsert tegishli idoralar bilan kelishilmagani sabab bo‘lgan. Reyddan keyin 4 o‘zbekistonlik deportatsiya qilinib, yana 4 nafari vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.

G‘irt “ikkichi” bolalarni katta pul evaziga oliygohga qabul qilish nihoyat to‘xtatildi. Xalq tilida “super-muper” kontrakt deb ataladigan tartib hukumat qarori bilan bekor qilindi. Bu tartibga ko‘ra, abituriyent hatto minimal o‘tish ballini to‘play olmagan bo‘lsa ham, super-kontraktning ikki baravarini to‘lab o‘qishga kirishi mumkin edi. O‘tgan yillar davomida bu tartib asosida qancha talaba o‘qishga qabul qilingani ma’lum emas. Ayni kunlarda super-kontrakt bo‘yicha qabul ochilgan: ariza berish uchun abituriyent maksimal ballning 30 foizi, ya’ni 56,7 ball to‘plagan bo‘lsa kifoya.

Inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh fosh etildi. Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, 12 kishidan iborat guruh buyrak va jigar kasalligidan aziyat chekayotgan bemorlarni topib, sog‘lom odamlarni ularga o‘z organini sotishga qiziqtirgan. Shu orqali 2023-2025 yillarda 32 nafar bemorga buyrak yoki jigar to‘qimalari ko‘chirib o‘tkazilgan. Jarrohlik amaliyotlarini qo‘shni davlatlarning biridagi xususiy klinika o‘tkazgan. Operatsiyadan keyin tuzalmagan bemorlarga og‘riq qoldiruvchi kuchli ta’sirga ega dorilar qimmat narxlarda pullangan. Ish bo‘yicha tergov yakunlanib, sudga oshirilgan.

Jinoyat kodeksiga yangi qo‘shimcha kiritildi. Unga ko‘ra, endilikda yopiq sud majlislarida majlis ishtirokchilaridan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik haqida tilxat olinadi. Agar tilxat yozib bergan shaxslardan birortasi suddagi ma’lumotlarni sudning roziligisiz oshkor qilsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bunday qilmishni sodir etganlar 3 yilgacha qamalishi mumkin. Qonun 26 sentabr kuni imzolandi va shu kundan e’tiboran kuchga kirdi.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Mavzuga oid