Jahon | 12:35 / 27.09.2025
2484
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp FTB sobiq rahbari Jyeyms Komiga qarshi ayblov qo‘yilishiga erishdi

Tramp uning Rossiya bilan aloqalarini tekshirayotgan tergovchini fosh qilish uchun prokurorni ishdan bo‘shatib, o‘rniga tajribasiz tarafdorini tayinladi.

Foto: REUTERS

Rossiyaning 2016 yilgi AQSh saylovlariga aralashuvini tergov qilgan FTB sobiq direktori Jyeyms Komi yolg‘on guvohlik berish va adolatga to‘sqinlik qilishda ayblandi. Bu haqda 26 sentabr, juma kuni Amerikaning ABC News telekanali xabar berdi.

AQShning Virjiniya shtati Sharqiy okrugi bo‘yicha federal prokuratura Komini 2020 yilda AQSh Senati sud qo‘mitasiga FTB tomonidan Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi va Rossiya o‘rtasidagi ehtimoliy aloqalar bo‘yicha tergovi haqida yolg‘on gapirganlikda aybladi. Bu ayblovlar tafsilotlari keltirilmagan, biroq sobiq amaldor besh yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Komining o‘zi o‘zining aybsizligini ta’kidlab, unga qo‘yilgan ayblovlar AQSh prezidentining siyosiy qasosi ekanligiga ishora qildi. «Mening oilam va men ko‘p yillar davomida Donald Trampga qarshi turishning o‘z narxi borligini bilamiz, lekin hayotni boshqa yo‘l bilan tasavvur qila olmaymiz. Biz tiz cho‘kib yashamaymiz, siz ham yashamasligingiz kerak», deb ta’kidladi FTBning sobiq direktori. Shuningdek, u federal sud tizimining xolisligiga umid qilishini bildirdi.

FTB sobiq direktoriga qarshi ayblovlar Virjiniya prokuraturasidagi o‘zgarishlardan bir necha kun o‘tib qo‘yildi. Tramp avvalroq federal prokuror Erik Sibertni lavozimidan chetlatgan edi, u, manbalarga ko‘ra, Senatdagi ko‘rsatmalari tufayli Komini jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos topmagan. Tramp Sibert o‘rniga Oq uydagi yordamchisi va sobiq advokati, sodiq odami Lindsi Halliganni tayinladi.

Mavzuga oid