Jahon | 14:40 / 29.09.2025
2089
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh huquq himoyachisi Belyatskiy ozod etilishi haqida ma’lum qildi

Inqirozga qarshi xalq boshqarmasi Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Ales Belyatskiy va boshqa yuzlab siyosiy mahbuslarni ozod qilishga chaqirdi. AQSh prezidentining vakili Jon Koul chaqiruvga javob qaytardi.

Ales Belyatskiy Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp yordamchisining o‘rinbosari Jon Koul kontrabanda va jamoat tartibini buzuvchi harakatlarni uyushtirganlikda ayblangan belaruslik huquq faoli, Nobel mukofoti laureati Ales Belyatskiyni ozod qilish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. «Men buning ustida ishlayapman!» - deya Koul 28 sentabr, yakshanba kuni X platformasida post joylashtirdi.

Vashington vakili 2020 yildagi siyosiy inqiroz va Belarusdagi norozilik namoyishlari paytida yaratilgan Inqirozga qarshi xalq boshqaruvi (NAU)ning 1200 dan ortiq siyosiy mahbusni ozod qilishga chaqirgan postiga izoh berdi. Koulning qo‘shimcha qilishicha, ozod etish «juda tez orada» amalga oshishi mumkin, biroq u hech qanday ma’lumot bermadi.

«Vesna» inson huquqlari markazi asoschisi va direktori Ales Belyatskiy 2021 yil iyulida hibsga olingan. Qamoqda bo‘lganida u Rossiyaning «Memorial» inson huquqlari markazi va Ukraina fuqarolik erkinliklari markazi bilan birga 2022 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Mukofot 2022 yil dekabr oyida Belyatskiyning rafiqasi Natalya Pinchukka topshirilgan.

2023 yil martida Minsk sudi Ales Belyatskiyni «kontrabanda» va «ommaviy tadbirlarni tashkil etish yoki o‘tkazish qoidalarini takroran buzish»da ayblab, 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Belyatskiy ham, yetti va to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan uning hamkasblari Vladimir Labkovich va Valentin Stefanovich ham o‘z aybini tan olmadi.

Mavzuga oid