Jamiyat | 18:13 / 30.09.2025
8463
2 daqiqa o‘qiladi

Mast holda mashina olib qochgan sudya 7 yilga qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sobiq sudyasi Rustam Rahmonov ozodlikdan mahrum qilindi. 44 yoshli sudya hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish hamda transport vositasini olib qochish jinoyatlarini sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Illyustrativ foto

Toshkent shahrida mast holda mashina olib qochgan sudyaga hukm o‘qildi. Bu haqda Kun.uz’ga Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining sudyasi lavozimida ishlagan Rustam Rahmonovga oid jinoyat ishi Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Sudlov hay’atining joriy yil 11 sentabrdagi hukmiga ko‘ra, sobiq sudya Jinoyat kodeksining 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 267-moddasida (Transport vositasini olib qochish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilingan.

Rustam Rahmonov aprel oyida mast holda transport vositasini olib qochgani, Sudyalar oliy kengashi uning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazayotgani xabar qilingandi. Keyinchalik uning sudyalik vakolati muddatidan ilgari tugatildi. U yozma arizasi va Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgani asoslari bilan lavozimidan ozod qilindi.

Ma’lumot uchun, Rustam Rahmonov 2024 yilning dekabrida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasi lavozimiga yana 10 yil muddatga tayinlangandi

Mavzuga oid