Jahon | 20:26 / 30.09.2025
14603
4 daqiqa o‘qiladi

Turkiya dronlari G‘azoga ketayotgan yordam flotiliyasi kuzatuviga qo‘shildi

Turkiya G‘azoga yordam olib borayotgan «Global Sumud» xalqaro flotiliyasini kuzatishda Ispaniya, Italiya va Gretsiyaga qo‘shildi. Flotiliya Isroilning ogohlantirishlariga qaramay, O‘rta Yer dengizi bo‘ylab sharqqa suzishni davom ettirmoqda.

Foto: FMT News

Reuters nashrining yozishicha, parvozni kuzatuvchi veb-saytlar Turkiyaning Chorli aviabazasidan ko‘tarilgan uchta dron uch kun davomida flotiliya ustida aylanib yurganini qayd etdi. Nashr dron parvozlarining sababini mustaqil tasdiqlay olmagan: Turkiya tashqi ishlar, mudofaa vazirliklari va razvedka agentligi holatga izoh bermadi.

«Global Sumud» flotiliyasi – turli davlatlar parlamentlari a’zolari, huquqshunoslar va faollar, jumladan shved iqlim faoli Greta Tunberg ham qatnashayotgan fuqarolik kemalaridan iborat. Dushanba kuni flotiliya G‘azo sohilidan hali yuzlab chaqirim uzoqda edi. Hozirda Isroil avval to‘xtatgan flotiliyalar hududiga yaqinlashmoqda. Kuzatuv saytlari flotiliyani 40 ga yaqin kema tashkil etganini ko‘rsatdi.

O‘tgan haftadagi dron hujumi natijasida ba’zi kemalar shikastlangach, flotiliya bir necha kun Gretsiya suv hududida ta’mirlanib, hafta oxirida yana G‘azoga yo‘l oldi. Hech kim jarohat olmagan. Tashkilotchilar dushanba kuni missiya taxminan to‘rt kun ichida G‘azoga yetib borishini aytmoqda.

Bir necha kun oldin Italiya va Ispaniya flotiliyaga yordam yoki qutqaruv zarurati tug‘ilganda hamroh bo‘lish uchun dengiz flotini yubordi, biroq harbiy aralashuv qilmasliklarini bildirdi. Gretsiya qirg‘oq qo‘riqchilari ham flotiliya o‘z hududidan o‘tganda kuzatuv olib bordi.

Italiya rasmiylari yakshanba kuni flotiliya yuqori xavfli hududga yaqinlashayotganini ogohlantirdi va o‘tgan haftada bildirgan taklifni: yordamni flotiliya Kiprga olib borib, u yerdan Rim-katolik cherkovi orqali G‘azoga tarqatish taklifini yana takrorladi. Ammo flotiliya bu taklifni rad etdi.

Flot qatnashchilarida Isroilning ehtimoliy javobi yuzasidan xavotirlar ham bor. Xususan, «Isroil bir necha bor hech qanday 'qizil chiziqlariʼ yo‘qligini ko‘rsatdi, shuning uchun uning nima qilishi mumkinligi bizni albatta tashvishga soladi. Biz, tabiiyki, tinch, zo‘ravonliksiz pozitsiyani saqlash uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz,» dedi italiyalik Yevropa Parlamenti a’zosi Benedetta Skuderi bortdan turib bergan intervyusida.

Isroil o‘tgan haftadagi dron hodisasi yuzasidan izoh bermadi, ammo ilgari G‘azoga kemalarning kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralarni ko‘rishini aytgan. Uning fikricha, qo‘llanayotgan dengiz blokadasi qonuniydir.

Reuters nashrining La Stampa gazetasi xabariga tayanib yozishicha, yakshanba kuni Isroil prezidenti Isaaq Gersog Italiyadagi elchiga flotiliya a’zolariga qarshi «o‘lim kuchi ishlatilmasligini» ta’minlaganini aytgan.

Mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning G‘azodagi hujumi oqibatida hozirgacha 65 mingdan ortiq inson vafot etdi. Hudud deyarli vyron bo‘lgan, yuz minglab insonlar ko‘chib ketishga majbur bo‘lmoqda. BMT hamkor tashkiloti – IPC G‘azo sektorida ocharchilik boshlanganini rasman tasdiqladi. Bunga Isroil G‘azodagi 2 million insonlar uchun humanitar yordamni to‘liq to‘sib qo‘ygani asosiy sababdir.  

Mavzuga oid