Biznes | 18:49 / 02.10.2025
4956
4 daqiqa o‘qiladi

Nega Apple Nyu-Yorkdagi vokzalda do‘kon ochgan? 

Foto: Kun.uz

Apple’ning AQShdagi eng gavjum do‘konlaridan biri Nyu-Yorkdagi tarixiy-madaniy markaz – Grand Central Terminal’da joylashgan. 2011 yilda ochilgan bu savdo nuqtasi boshqa do‘konlardek yopiq xona emas, ochiq makonda joylashgan. Terminalga kelgan yuz minglab yo‘lovchi va sayohatchilardan aksariyati Apple’ga ham kirib o‘tgani bois bu nuqta doim odamlar bilan to‘la. Ayniqsa, shu kunlarda iPhone 17ning savdosi qizg‘in. Xo‘sh, nega Apple vokzalda do‘kon ochgandi? 

Bu Apple do‘koni Nyu-Yorkdagi eng mashhur va noyob nuqtalardan biri. 2011 yilda ochilgan do‘kon shaharning ramziy joylaridan biri - tarixiy temiryo‘l vokzalining ichida joylashgani bilan ajralib turadi. Do‘kon terminalning baland markaziy zalida, u an’anaviy Apple do‘konlari singari yopiq xona emas, ochiq makonda. Savdo nuqtasi tarixiy arxitekturaga zarar keltirmagan, aksincha minimalistik uslub bilan umumiy ko‘rinishga zeb bergan. Terminaldagi joy eng gavjum do‘konlardan biri, har kuni bu vokzaldan yuz minglab odam o‘tadi va shu sabab ham mijozlar oqimi juda katta. Ochiq joyda bo‘lgani bois kirib-chiqish erkin, shu jihati bilan klassik Apple store’lardan farq qiladi. 

Xo‘sh, Apple’ga vokzalda do‘kon ochish nega kerak? Birinchidan - bu oddiy temiryo‘l vokzali emas, Grand Central Terminal Nyu-York madaniy ramzi, arxitektura durdonasi. Bu yerda bo‘lish Apple uchun kompaniyasi falsafasini ifodalaydi, brendning qudratini ko‘rsatadi. 

Ikkinchidan odamlar bu yerga Apple’ni deb kelmaydi, vokzalni tomosha qilish va shu bahona bu mahsulotlarni ham ko‘rish uchun kelishadi. 

Uchinchidan, vokzalda ochilgan do‘kon bilan Grand Central Terminal’ning ham ahamiyati yuksalgan. Avval transport markazi bo‘lgan bu joy endi texnologiya va savdo markazi sifatida ham dunyoga mashhur. 

Eng qizig‘i shundaki, Apple vokzalga ijara haqqi to‘lamaydi, balki vokzalning biznesiga ulush beradi. Do‘kon 2,100 kvadrat metr bo‘lgani bois anchagina katta va ijara haqqi berilmasligi ancha shov-shuvlar, muhokamalarga ham sabab bo‘lgandi. 

Mahsulotlarga qaytsak, biz bu yerda bo‘lganimizda iPhone 16 va 17, iWatch hamda Mack kompyuterlari sotuvda bor edi. Narx-navoga kelsak, boshqa Apple do‘konlari bilan bir xil.

Masalan, iPhone 17 Pro Max 256GB xotiralisi - 1,199 dollar, 512 GB’lisi 1,399 dollar, 1 TB’li telefon 1,599 dollar, 2 TB xotiraga ega telefon esa 1,999 dollar narxda turibdi. Lekin siz xohlagan xotira hajm va rangni topish muammo, aksariyat do‘konlarda borib olib ketgani faqat to‘q ko‘k - ya’ni «Blue» rangi va 2 TB xotiraga ega telefonlar bor. Qolganini esa buyurtma qilib, kutishga to‘g‘ri keladi. 

Darvoqe, AQSh qonunchiligi bo‘yicha bu narxlardan tashqari shtatlar bo‘ylab belgilangan soliq ham undiriladi. O‘zbekistonga olib kelingan taqdirda esa 1000 AQSh dollaridan oshgan mahsulotlarga oshiq summaning 30%i miqdorida soliq solinadi.

Mavzuga oid