Jahon | 08:23 / 02.10.2025
3363
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston elchisi Saudiya valiahdiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekistonning favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov Saudiya Arabistoni valiahdi, bosh vaziri Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saudga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Foto: "Dunyo" AA

Saudiya Arabistoni valiahdi podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud nomidan 37 ta xorijiy davlatning 2023-2024 yillarga tayinlangan elchilarining ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Ar-Riyoz shahridagi Al-Yamama saroyida bo‘lib o‘tgan marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan muloqotda Saudiya Arabistoni valiahdi Muhammad bin Salmon O‘zbekiston prezidentiga mamlakat podshohi hamda o‘zining tilaklari va salomlarini yo‘lladi.

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 20 fevralda o‘rnatilgan.

Nodir Turg‘unov 2024 yil mart oyida O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi sifatida Ar-Riyod shahriga kelgan edi. Shuningdek, u 2024 yil noyabr oyida O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan. 2025 yil aprel oyida esa u bir vaqtning o‘zida mamlakatning birinchi elchisi sifatida Bahrayn Tashqi ishlar vazirligiga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirgan edi. Shuningdek, u 2 iyun kuni Iordaniyadagi elchi sifatida ushbu mamlakat podshohi Abdulloh II bin al-Husaynga ishonch yorliqlarini  taqdim qildi.

Mavzuga oid