Sog‘lom hayot | 15:04 / 03.10.2025
2164
2 daqiqa o‘qiladi

Nukusda «Salomatlik marafoni» start oldi

Aksiya kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va aholiga keng qamrovli tibbiy ko‘rik o‘tkazishni ko‘zda tutadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi markazi Nukus shahrida aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan «Salomatlik marafoni» boshlandi.

Aksiya doirasida hudud aholisi 31 oktyabrgacha skrining va profilaktik ko‘riklardan o‘tkaziladi. Tekshiruvlar Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasi hamda bir vaqtning o‘zida Nukusdagi 12 ta oilaviy poliklinikada amalga oshirilmoqda.

Jarayonga mahalliy shifokor va hamshiralar bilan bir qatorda Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda xorijdagi ilg‘or klinikalardan yetakchi mutaxassislar ham jalb etilgan. Bu orqali aholi zamonaviy tashxis va davolash usullaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Shuningdek, Nukusdagi uchta jamoat joyida «Salomatlik maydonchalari» tashkil etilgan bo‘lib, ularda qon bosimi va puls o‘lchash, antropometriya kabi oddiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda. Aholiga sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha tavsiyalar ham berilmoqda.

Muhim jihati shundaki, tekshiruvlar davomida og‘ir kasallik aniqlangan yoki yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlar yagona elektron baza – DMED tizimiga kiritilmoqda. Ular zarur shifoxonalarga yo‘naltirilib, Toshkentdan kelgan yetakchi mutaxassislar ishtirokida jarrohlik amaliyotlari hududning o‘zida amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, poytaxtdan kelgan mutaxassislar tomonidan oilaviy poliklinikalardagi tibbiyot brigadalari a’zolari uchun turli yo‘nalishlarda – kardiologiya, endokrinologiya, onkologiya, pediatriya va ginekologiya bo‘yicha mahorat darslari tashkil etilmoqda. Vorkshop shaklidagi mashg‘ulotlarda skrininglar o‘tkazish, raqamli texnologiyalardan foydalanishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar ham o‘rgatilmoqda.

Mavzuga oid