Jahon | 16:57 / 03.10.2025
10231
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Xitoydan benzin sotib olishni boshlashga majbur bo‘lmoqda

RF hukumati dronlar hujumi sabab yuzaga kelgan yoqilg‘i defitsitini yumshatish choralarini tayyorlayapti: Xitoy, Janubiy Koreya va Singapurdan benzin import qilish ko‘zda tutilgan.

Foto: Petr Kassin, Kommersant’

Rossiya hukumati eng yirik neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar hujumidan keyin mamlakatni qamrab olgan yoqilg‘i tanqisligini kompensatsiya qilish uchun Xitoy hamda Osiyoning boshqa mamlakatlaridan benzin importini boshlash bo‘yicha chora-tadbirlar paketini tayyorladi.

«Kommersant» xabar berishicha, Moskva XXRdan tashqari Janubiy Koreya va Singapurdan ham benzin sotib olishni mo‘ljallamoqda. Buning uchun Uzoq Sharqdagi ayrim nazorat-o‘tkazish punktlari orqali keltiriladigan yoqilg‘i uchun import bojlarini nollashtirish rejalashtirilgan. Bunda importyorlarga jahon va ichki bozordagi narxlar o‘rtasidagi tafovut davlat tomonidan budjet hisobiga qoplab beriladi.

Osiyodan benzinni uchta kompaniya yetkazib berishi mumkin — «Rosneft», Mustaqil neftgaz kompaniyasi (NNK) hamda «Sanoat xomashyosi importi» davlat tashqi iqtisodiy birlashmasi. Bu har oy Sibirdagi neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqarilgan 150 ming tonna benzinni Rossiya Federatsiyasining markaziy qismiga yo‘naltirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, hukumat Belarusdan benzin importini ko‘paytirishni, shuningdek, neft zavodlari tomonidan monometilanilin (MMA) – ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkonini beruvchi oktanni oshiruvchi qo‘shimchadan foydalanishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashni rejalashtirmoqda. Bu qo‘shimcha yuqori toksikligi va onkologik xavfi tufayli dunyoning aksariyat mamlakatlarida taqiqlangan, Rossiyada esa 2016 yilgacha qo‘llangan.

Hozircha, yoqilg‘i-energetika majmualarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramay, ichki bozorni neft mahsulotlari bilan ta’minlash bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashishi xavfi mavjud, deya bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak bosh vazir Mixail Mishustinga yo‘llagan murojaatni keltiradi «Kommersant».

Sentyabr oyi oxiriga kelib, mamlakatda neftni qayta ishlash zavodlari quvvatlarining rekord darajadagi 38 foizi (kuniga 338 ming tonna) ishlamay qoldi. Shu bilan birga, bu holatning 70 foizi ukrain dronlari hujumlari bilan bog‘liq – dronlar avgust oyi boshidan beri 20 dan ortiq yirik neft zavodlariga zarba berishga muvaffaq bo‘lgan.

Sentyabr oyida Rossiyaning yana to‘rtta neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Ular orasida quvvati bo‘yicha Rossiyada ikkinchi o‘rinda turuvchi, Leningrad oblastidagi «Kinef» zavodi, shuningdek, eng yirik beshlikka kiruvchi Ryazandagi «Rosneft» neftni qayta ishlash zavodi bor. Birinchisi 14 sentabrda, ikkinchisi 5 sentabrda ishlashdan to‘xtadi. Shuningdek, 20 sentabrdan Novokuybishev neftni qayta ishlash zavodi, 22 sentabrdan esa «Gazprom»ning Astraxan neftni qayta ishlash zavodi qayta ishlashni to‘xtatdi. Natijada, Saxalin va Kuril orollaridan Nijniy Novgorod oblasti va Qrimgacha bo‘lgan hududlar yoqilg‘i tanqisligiga duch keldi, bu hududlarda bir qo‘lga 30 litrdan ortiq benzin sotish taqiqlangan.

Osiyo va Belarusdan import qilish, shuningdek, neftni qayta ishlash zavodlariga qo‘yiladigan ekologik talablarni kamaytirish orqali hukumat ichki bozorga oyiga qo‘shimcha 350 ming tonna benzin va 100 ming tonna dizel yoqilg‘isini yo‘naltirish imkoniyatini ko‘zlamoqda, deb yozadi «Kommersant». Hukumat monometilanilindan tashqari, spirt ulushi 10 foizgacha bo‘lgan benzinni sotishga ruxsat berish, shuningdek, undagi aromatik uglevodorodlar bo‘yicha me’yorlarni 42 foizgacha ko‘tarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Mavzuga oid