Shanhay shahrida Xitoyning Chjyetszyan provinsiyasi Savdo-sanoat palatasi, Raqamli globallashuv assotsiatsiyasi va UCloud kompaniyasi hamkorligida O‘zbekistonning investitsiya salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun eng istiqbolli platformalardan biri sifatida e’tirof etildi. Ishtirokchilar Xitoy biznesining mamlakatdagi ishtirokini kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Tadbirning asosiy voqealaridan biri UCloud kompaniyasining O‘zbekistonda yangi internet provayder zonalarini tashkil etish bo‘yicha rejalarini ma’lum qilishi bo‘ldi.
Kompaniya ijrochi direktori Tszi Sinxuanning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda. Davlat boshqaruvi, moliya, chakana savdo va logistika kabi sohalar raqamli transformatsiya jarayonini faol boshdan kechirmoqda.
Xitoy tomoni mahalliy biznesni xalqaro standartlarga javob beradigan, yuqori unumdorlikka ega va xavfsiz raqamli infratuzilma bilan ta’minlashga tayyor ekanini bildirdi.
Ma’lumot uchun, UCloud dunyo bo‘ylab korxonalar uchun xavfsiz va yuqori samarali internet hamda bulutli xizmatlarni taqdim etuvchi yirik provayderlardan biri hisoblanadi. Kompaniya strategik ahamiyatga ega hududlarda yangi infratuzilma obektlarini yaratishga faol investitsiya kiritib kelmoqda.











